“Yoshlar oyligi” doirasida qator ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari tashkil etildi
2026-07-06 10:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Yoshlar oyligi dasturi doirasida yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlarni eshitamiz” mavzusida ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda yosh xodimlarning taklif va mulohazalari tinglanib, ularni qiziqtirayotgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Mutolaa madaniyatini rivojlantirish maqsadida “Kitob almashish” aksiyasi tashkil etilib, yoshlar o‘zlari mutolaa qilgan kitoblarni yangi asarlarga almashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markaziga ma’rifiy tashrif uyushtirilib, ishtirokchilarning tarixiy merosimiz va milliy qadriyatlarimiz haqidagi bilimlari yanada boyitildi.
30-iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi” shiori ostida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” Yoshlar oyligining eng muhim tadbirlaridan biri bo‘ldi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni oliy darajadagi mukofoti sovrindori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik, fizika-matematika fanlari doktori, professor Shavkat Abdullayevich Ayupov o‘z ma’ruzasida matematika va iqtisodiyotning o‘zaro uzviy bog‘liqligi, raqamli transformatsiya jarayonlarida aniq fanlarning tutgan o‘rni hamda yosh mutaxassislarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashining dolzarbligi haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, u o‘zining ko‘p yillik ilmiy va kasbiy faoliyati davomida orttirgan boy tajribasi bilan o‘rtoqlashib, matematika va iqtisodiyot sohasidagi faoliyati bilan bog‘liq hayotiy misollar hamda qiziqarli voqealarni so‘zlab berdi. Professor yoshlarga ilm-fanga intilish, tinimsiz izlanish, tanlagan kasbiga sadoqat bilan yondashish va zamonaviy bilimlarni muntazam egallab borish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida badminton, shaxmat va stol tennisi bo‘yicha sport musobaqalari ham tashkil etildi. Murosasiz va qiziqarli bahslarga boy o‘tgan musobaqalar jamoaviylik, sog‘lom raqobat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamladi.
Yoshlar oyligi yakunida faol va tashabbuskor yosh xodimlar tashakkurnomalar bilan taqdirlandi, sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mazkur tadbirlar yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish, ilm-fan va innovatsiyaga qiziqishini oshirish, milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanga sadoqat va tashabbuskorlik fazilatlarini mustahkamlashga xizmat qildi.









