Sog‘liqni saqlash muassasalarida korrupsiyaviy xavflarni boshqarish va komplayens nazoratini tashkil etish masalalari muhokama qilindi
2026-07-04 17:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Seminarda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Komplayens xizmati boshqarmasi hamda Ichki audit departamenti mas’ul xodimlari ishtirok etib, sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, baholash va boshqarishning zamonaviy yondashuvlari, komplayens nazorati tizimini samarali tashkil etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish masalalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdilar.
Shuningdek, davlat moliyaviy nazorati tadbirlari davomida sog‘liqni saqlash muassasalarida aniqlangan moliyaviy qonunbuzilishlar tahlil qilinib, budjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, buxgalteriya hisobi hamda moliyaviy hisobotlarni yuritishda uchrayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, “UZASBO” axborot tizimidan foydalanish jarayonida kuzatilayotgan xato va kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Seminar davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik talablarini amaliyotga samarali tatbiq etish, tashkilotlarda korrupsiyaviy xavflarni muntazam baholab borish hamda ularni kamaytirishga qaratilgan ta’sirchan choralarni amalga oshirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Tadbir interaktiv muloqot shaklida o‘tkazilib, ishtirokchilarning savollariga batafsil javoblar berildi, amaliy misollar asosida fikr almashildi hamda sohada uchrayotgan dolzarb muammolar yechimi yuzasidan taklif va tavsiyalar muhokama qilindi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi






