“Maqsadli ipoteka omonati” mexanizmi joriy etildi
2026-06-30 10:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Yangi mexanizmga muvofiq:
ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya ajratish to‘g‘risida ijobiy xabarnomaga ega fuqarolar ixtiyoriy ravishda xabarnomaning amal qilish davrida tijorat bankining jamg‘arma hisobvarag‘ida Ipoteka dasturi doirasida qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan kelib chiqib hisoblanadigan dastlabki badal summasining o‘ziga tegishli qismidan kam bo‘lmagan miqdorda, saqlash muddati 12 oydan ortiq bo‘lmagan ipoteka omonatini to‘liq shakllantiradi;
ipoteka omonatini shakllantirgan fuqarolarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash maqsadida Davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar tijorat banklarining buyurtmanomasiga asosan ipoteka omonati eng kam miqdorining bir qismini shakllantirish uchun oldindan o‘tkazib beriladi;
ipoteka omonatidagi mablag‘lar qoldig‘iga nisbatan tijorat banki tomonidan bozor stavkasida foiz hisoblanadi va omonat davrida jamg‘arilgan barcha mablag‘lar foiz to‘lovlari bilan birgalikda ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badalni shakllantirish uchun maqsadli yo‘naltiriladi.
Mazkur amaliyot ilg‘or xorijiy tajribalar asosida aholining vaqtincha bo‘sh turgan pul mablag‘lari hisobidan uy-joy sotib olinishini rag‘batlantirish, aholining uy-joy sotib olish imkoniyatlarini kengaytirish, dastlabki badalni to‘lashda qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlar yaratish hamda davlat tomonidan taqdim etilayotgan uy-joy subsidiyalarining samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, amaldagi tartibga muvofiq, ipoteka krediti bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida davlat tomonidan subsidiya ajratish mexanizmi saqlab qolinadi. Bunda ipoteka kreditining dastlabki besh yili davomida foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasida belgilangan darajadan yuqori qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Mazkur mexanizm fuqarolarga uy-joy sotib olish uchun zarur mablag‘larni oldindan rejalashtirish orqali jamg‘arish imkonini beradi.
Ushbu amaliyot 2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha bo‘lgan davrda tajriba-sinov tartibida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
