Startap-ekotizimini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-06-26 16:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur tadbir mamlakatda innovatsion tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, startaplar uchun zamonaviy va samarali huquqiy muhitni shakllantirish hamda sohaning barcha ishtirokchilarini qonunchilikni takomillashtirish jarayoniga jalb etish maqsadida tashkil etildi. Unda yoshlar, startap asoschilari, akselerator va inkubatorlar, venchur jamgʻarmalar, investorlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Yoshlar parlamenti, masʼul vazirlik va idoralar vakillari hamda ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga “Startaplar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining dastlabki tahriri taqdim etildi. Qonun loyihasida startaplarning huquqiy maqomi, ularni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari, startap infratuzilmasini rivojlantirish hamda ekotizim ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilashga oid normalar aks ettirilgani taʼkidlandi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ–59-son “Startaplarni qoʻllab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq startaplar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, soha ishtirokchilari bilan keng muhokamalar oʻtkazish hamda qonun loyihasi boʻyicha takliflar ishlab chiqish vazifasi belgilangan.
Ochiq muloqot davomida startap asoschilari va venchur investorlar tomonidan amaliyotda uchrayotgan muammolar, jumladan, moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish, startaplarning tez oʻsishi uchun zarur boʻlgan huquqiy va institutsional shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha fikr va takliflar bildirildi.
Shuningdek, qonun loyihasining ayrim normalari yuzasidan konstruktiv muhokamalar oʻtkazilib, uni yanada takomillashtirish boʻyicha qator takliflar ilgari surildi.
Tadbir davlat organlari, xususiy sektor va startap hamjamiyati oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash, innovatsiyalarni ragʻbatlantirish hamda Oʻzbekistonda xalqaro talablarga javob beradigan raqobatbardosh startap-ekotizimini shakllantirish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi.
Muloqot yakunlari boʻyicha bildirilgan taklif va mulohazalar ko‘rib chiqilib, qonun loyihasini yanada takomillashtirish jarayonida inobatga olinishi qayd etildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi



