“Moody’s” xalqaro reyting agentligi Oʻzbekiston suveren kredit reytingini “Ba3”dan bir pogʻona yuqoriga “Ba2”ga oshirdi
2026-06-25 19:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Soʻnggi 1 yilda Oʻzbekiston suveren kredit reytingi 6-marta yaxshilanishi natijasida yangi qarz jalb qilish xarajatlari oʻrtacha 1,5 foizga pasaydi.
Shuningdek, respublika kredit reytingi oshishi natijasida 20 dan ortiq bank va korxonalar reytingi yaxshilanib, ularning qarz jalb qilish xarajatlari oʻrtacha 1,9 foizga pasaydi.
Xususan, joriy yilning 3-iyun kuni “Fitch” suveren kredit reyting kutilmasini “BB” barqarordan “BB” ijobiyga oshirgandan soʻng 8–17-iyun kunlari 14 ta bank va korxonalarning reyting kutilmalari oʻzgartirildi.
Hisobotda respublika reytingi oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda institutsional salohiyat va iqtisodiy siyosat izchil yaxshilanayotgani hamda iqtisodiy va fiskal istiqbollari mustahkamlanayotgani bilan izohlangan. Bunda, olib borilayotgan siyosatning samaradorligi hamda iqtisodiyotning tashqi shoklarga chidamliligi oshgani qayd etilgan.
Xususan, barqaror va diversifikatsiyalashgan iqtisodiy oʻsish, budjet intizomining kuchaygani hamda davlatning shartli majburiyatlarni boshqarish mexanizmlarining takomillashganiga eʼtibor qaratilgan.
Tarkibiy islohotlarning davom etishi, jumladan, boshqaruvni yaxshilash, raqobatni kuchaytirish va iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha choralar yuqori baholangan.
Bunda, “UzNIF” aksiyalarining muvaffaqiyatli joylashtirilishi Oʻzbekistonning bahosini mustahkamlovchi omil sifatida eʼtirof etilgan va investorlarning Oʻzbekistondagi islohotlarga ishonchi ortib borayotganidan dalolat berishi qayd etilgan.
Hisobotda energetika va gaz sohalarining liberallashtirilishi, JSTga aʼzo boʻlish, boshqaruv va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlarini kuchaytirish, monetar va makroprudensial siyosatni yaxshilashga qaratilgan islohotlar sanab oʻtilgan.
Shu bilan birga, islohotlar yanada murakkab bosqichga oʻtgani va tobora yuqori iqtisodiy va fiskal natijalarga erishilayotgan sharoitda Oʻzbekistonning boshqaruv koʻrsatkichlari ijobiy oʻzgarishi yuzasidan kutilmalar qayd etilgan.
“Moody’s” 2025-yilda budjet taqchilligi 2 foizgacha qisqargani, energetika subsidiyalari kamaygani, elektr energiyasi va gaz narxlarining tannarxni toʻliq qoplashga qaratilgan tarif siyosati hamda ijtimoiy yordamning yanada manzilli boʻlganiga alohida eʼtibor qaratgan.
Agentlik tomonidan makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashning asosiy omili sifatida 2026–2028-yillarda budjet taqchilligi 3 foizdan oshmasligi va davlat qarzi barqaror darajada boʻlishi kutilmoqda.
Hisobotda tarkibiy islohotlar va iqtisodiy diversifikatsiya tufayli iqtisodiy oʻsish tashqi shoklarga qaramay 2025-yilda 7,7 foiz, 2026-yilning birinchi choragida 8,7 foizgacha tezlashgani eʼtirof etilgan.
Shuningdek, xalqaro zaxiralar 17 oydan ortiq import hajmini qoplash imkoniyatini beruvchi himoya buferi sifatida xizmat qilishi taʼkidlangan.
Davlat korxonalari va banklarini transformatsiya qilish, xalqaro investorlar uchun oshkoralik va boshqaruvni kuchaytirish zarurati tufayli xususiylashtirish jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshirilishi bildirilgan.
“Moody’s”ga koʻra, Oʻzbekiston suveren kredit reyting bahosi quyidagi hollarda oshiriladi:
- boshqaruv va institutsional islohotlarning amalga oshirilishi tufayli raqobat, tartibga solish sifati va hukumat samaradorligi sezilarli yaxshilanishi va yuqori reytingga ega boʻlgan davlatlar bilan oradagi farqning qisqarishi;
- davlat korxonalari va banklarini isloh qilish natijasida fiskal xatarlarning sezilarli kamayishi, shartli majburiyatlarni boshqarish va monetar siyosatning davomiy yaxshilanishi;
- unumdorlikning oshishi va xususiy investitsiyalar hisobiga iqtisodiy oʻsish imkoniyatlarining kengayishi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
