“Société Générale” mintaqaviy direktori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-06-19 19:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Ma’lumot uchun: “Société Générale” — Yevropaning eng yirik xalqaro moliyaviy institutlaridan biri hisoblanadi. Guruh korporativ va institutsional mijozlar, investorlar hamda davlat tuzilmalari uchun keng ko‘lamli bank va moliyaviy xizmatlarni taqdim etadi hamda dunyoning 60 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritadi.
Uchrashuv davomida tomonlar “Société Générale” bilan hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini, jumladan, xalqaro moliya bozorlari, investitsiya faoliyati, xususiylashtirish jarayonlari hamda xorijiy kapitalni jalb etish yo‘nalishlaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Tomonlar O‘zbekistonning makroiqtisodiy rivojlanishi, tarkibiy islohotlarni amalga oshirish jarayonlari, shuningdek, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashdi. Xususan, davlat korxonalari hamda davlat ulushi mavjud banklarni xususiylashtirish dasturining amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar davomida UzNIF aksiyalarining birlamchi ommaviy joylashtirilishi (IPO) natijalari ham muhokama qilinib, “Société Générale” vakillari O‘zbekistondagi istiqbolli investitsiyaviy va xususiylashtirish loyihalarida ishtirok etish hamda hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
