“JP Morgan” banki vakillari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-06-18 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda “JP Morgan” bankining boshqaruvchi direktori va MDH mamlakatlari bo‘yicha katta mamlakat rahbari hamda investitsiya bankingi yo‘nalishi rahbari Timur Kunanbayev, Iqtisodiyot va moliya vazirining maslahatchisi Jasur Karshibayev va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususiylashtirish va transformatsiya jarayonlari, kapital bozorini rivojlantirish hamda xalqaro moliya bozorlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Xususan, uchrashuvda amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro moliya institutlari va investorlar bilan samarali muloqotni kuchaytirish, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribadan foydalanish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqotda davlat ishtirokidagi banklar va korxonalarni transformatsiya qilish, ularni bozor tamoyillari asosida samarali, shaffof va raqobatbardosh subyektlarga aylantirish hamda strategik investorlarni jalb qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, muhokamalar davomida tomonlar kapital bozorini rivojlantirish, uning likvidligi va jozibadorligini oshirish, zamonaviy moliyaviy instrumentlarni kengaytirish hamda O‘zbekistonning suveren reytinglarini yanada yaxshilash hamda xalqaro investorlar ishonchini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Muloqot yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish hamda yuqoridagi masalalar yuzasidan fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi




