Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-06-17 22:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqot davomida O‘zbekiston va YTTB o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi. Muhokamalarda O‘zbekiston YTTBning Markaziy Osiyodagi eng yirik hamkorlaridan biri ekanligi, bugungi kunda bank bilan hamkorlikda moliya sektori, infratuzilma, energetika, transport, xususiy sektor va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda loyihalar amalga oshirilayotganligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv avvalida YTTB tomonidan “O‘zsanoatqurilishbank” ATB hamda O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi bilan hamkorlik bitimlari imzolandi. Mazkur kelishuvlar mamlakatda moliyaviy instrumentlardan imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, yosh tadbirkorlar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish hamda ipoteka bozorini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tomonlar davlat ishtirokidagi banklarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlari yuzasidan ham fikr almashdi. Bank sektorida korporativ boshqaruvni takomillashtirish, aktivlar sifatini baholash, xalqaro standartlarni joriy etish va xususiy kapital ishtirokini kengaytirish ushbu yo‘nalishdagi muhim vazifalar sifatida qayd etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston iqtisodiyotida kuzatilayotgan barqaror o‘sish sur’atlari, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, inflatsiyani pasaytirish, budjet intizomini mustahkamlash va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham so‘z yuritildi.
Yakunda tomonlar O‘zbekiston va YTTB o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada kengaytirish, moliya sektorini isloh qilish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilma va kapital bozorlarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi


