Kitob – ma’rifat manbayi
2026-06-17 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘qimagan kishi uchun hech bir kitob yozilmagan,
Tinglamagan kishi uchun hech bir hikmat aytilmagan.
Shams Tabriziy
Inson ma’naviy tafakkurini charxlab, qalbini ezgulik sari yetaklab kelgan eng yaqin hamroh kitob hisoblanadi. Shu bois ham ma’rifat ahli odamlarni mutolaaga, ilm-ma’rifat egallashga, odob-axloq va tafakkur sirlarini o‘rganishga da’vat etib keladi. Zero, kitob insonning dunyoqarashini kengaytiradi, fikrlash salohiyatini oshiradi hamda ma’naviy olamini boyitadi.
Bugungi kunda yurtimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tobora kuchayib bormoqda. Kitob do‘konlari, kutubxonalar va turli ma’rifiy tadbirlarda turli yoshdagi kitobsevarlarning faol ishtiroki kuzatilayotgani xalqimizning mutolaaga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi. Bu esa jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlodni bilimli va tafakkuri keng insonlar etib tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–9-sonli Qarorida ham mazkur masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Qarorga muvofiq, barcha davlat idoralarida “Kitob burchaklari”ni tashkil etish vazifasi belgilangan bo‘lib, ularda sohaga oid ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy hamda badiiy adabiyotlarni jamlash ko‘zda tutilgan.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligida “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi bilan hamkorlikda kitob yarmarkasi tashkil etildi. Unda iqtisodiyot va moliya yo‘nalishidagi adabiyotlar, o‘zbek va jahon adabiyoti namunalari, bolalar kitoblari hamda ma’naviy-ma’rifiy asarlar keng namoyish qilindi. Tadbir davomida xodimlar o‘zlari uchun qiziqarli va foydali bo‘lgan kitoblarni xarid qilib, mutolaa madaniyatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdilar.
Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar korxona va tashkilotlarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yuksaltirish, mutolaa madaniyatini oshirishga va xodimlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Ma’naviyat va ma’rifat kengashi





