Toshkent shahrida Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining global uchrashuvi o‘tkaziladi
2026-06-15 20:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Shu munosabat bilan joriy yilning 15-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Jahon bankining taraqqiyotni moliyalashtirish masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Akixiko Nishio hamraisligida “Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining global kambag‘allikni qisqartirishdagi roli va uning O‘zbekiston hukumati bilan hamkorligi” mavzusida yuqori darajadagi davra suhbati hamda ommaviy axborot vositalari uchun brifing bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki vakillari joriy yil dekabr oyida Toshkent shahrida Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining global uchrashuvi o‘tkazilishini e’lon qildi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ushbu yuqori darajadagi tadbirga mezbonlik qiladigan ilk mamlakat bo‘ladi.
1960-yilda tashkil etilgan Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi Jahon bankining daromad darajasi yuqori bo‘lmagan mamlakatlar uchun mo‘ljallangan jamg‘armasi hisoblanadi. Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ta’lim, sog‘liqni saqlash va ichimlik suvi xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, qishloq xo‘jaligiga investitsiyalar jalb etish, shahar va qishloq infratuzilmasini yaxshilash, ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlaydi.
Assotsiatsiyaning moliyaviy resurslari har uch yilda bir marta to‘ldirib boriladi. XTA resurslarini to‘ldirishning 21-sikli — IDA-21 dasturi 2024-yil dekabr oyida yakunlangan. Natijada 2026–2028-yillar uchun rekord darajadagi 100 milliard AQSh dollari miqdoridagi moliyalashtirish paketi shakllantirildi. IDA-21 dasturi doirasida IDA moliyalashtirishidan foydalanadigan 78 ta mamlakatda qariyb 1,9 milliard kishining turli ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga erishishiga ko‘mak ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Brifingda O‘zbekistonning Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi bilan hamkorligi qariyb 35 yillik tarixga ega ekani, ya’ni mamlakat 1992-yilda Jahon banki tuzilmalariga a’zo bo‘lganidan buyon izchil davom etib kelayotgani ta’kidlandi. 2017-yildan boshlab esa ikki tomonlama sheriklik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bugungi kunda Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi mamlakatimizning taraqqiyot sohasidagi eng yirik xalqaro hamkoriga aylangan. Xususan, O‘zbekiston dunyo bo‘yicha IDA’ning eng yirik 10 ta mijoz mamlakatlari qatoriga kiradi. Ayni paytda Jahon banki ko‘magida hukumat tomonidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida umumiy qiymati qariyb 5,5 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 25 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu mablag‘larning 60 foizdan ortig‘i IDA grantlari va imtiyozli kreditlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekistonning IDA uchrashuviga mezbon mamlakat sifatida tanlanishida asosiy omillardan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi o‘n yil davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ularning natijalari alohida qayd etildi. Ushbu natijalar xalqaro miqyosda keng e’tirof etilmoqda.
Toshkent shahrida IDA uchrashuvini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorga ta’sir ko‘rsatgan yana bir muhim omil sifatida Jahon banki va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning yuqori darajasi hamda izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Jumladan, mamlakat IDA moliyalashtirishini jalb qilish hajmi bo‘yicha Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida ikkinchi o‘rinda turadi.
Kutilayotganidek, bo‘lajak xalqaro tadbir doirasida donor mamlakatlar va IDA moliyalashtirishidan foydalanayotgan davlatlarning yuqori martabali vakillari Jahon banki rahbariyati ishtirokida IDA-21 dasturi ijrosining oraliq natijalarini muhokama qiladi. Mazkur uchrashuv, shuningdek, 2028–2031-yillarga mo‘ljallangan navbatdagi moliyaviy resurslarni to‘ldirish sikli — IDA-22 bo‘yicha muhokamalarni boshlash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Dekabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan IDA uchrashuvi davomida O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy o‘sish, aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikka qarshi kurashish va yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi ilg‘or tajribasi keng namoyish etiladi. Shu jumladan, IDA ishtirokida turli sohalarda amalga oshirilayotgan loyihalar natijalari xalqaro hamjamiyatga taqdim etiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi









