“Kelajakka tayyor iqtisodiyot sari: yangi imkoniyatlar va strategik yondashuvlar” mavzusida seminar-treninglar tashkil etildi
2026-06-11 20:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur dastur Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan olib borilayotgan hamkorlik doirasida, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Uning asosiy maqsadi global iqtisodiy transformatsiyalar, yangi texnologiyalar, sun’iy intellekt va innovatsiyalar ta’sirida shakllanayotgan yangi imkoniyatlar yuzasidan xabardorlikni oshirish, shuningdek, kelajakka yo‘naltirilgan strategik rejalashtirish orqali O‘zbekistonning barqaror va raqobatbardosh iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
Seminar va trening mashg‘ulotlari xalqaro innovatsiyalar hamda kelajakka tayyorgarlik bo‘yicha ekspert, Microsoft kompaniyasining sobiq innovatsiyalar yetakchisi Samer Chidiak tomonidan olib borildi. Sessiyalar davomida ishtirokchilar kelajakka tayyorgarlik (future-readiness) konsepsiyalari, uzoq muddatli rivojlanishni rejalashtirish (foresight) yondashuvlari, yangi iqtisodiyot modellari hamda global rivojlanish tendensiyalarini O‘zbekistonning milliy ustuvor yo‘nalishlari, institutsional islohotlari va tadbirkorlik ekotizimi bilan bog‘lashga qaratilgan amaliy yondashuvlar bilan tanishtirildi.
Dastur doirasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari ishtirokida 80 nafarga yaqin tinglovchini qamrab olgan to‘rtta trening seminari tashkil etildi. Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligida vazirlikning 70 nafarga yaqin xodimi uchun alohida seminar sessiyasi o‘tkazildi.
Yakuniy seminar Samarqand davlat universitetida bo‘lib o‘tib, unda 120 nafarga yaqin tadbirkorlar va Samarqand biznes hamjamiyati vakillari qatnashdi.
Sessiyalar davomida ishtirokchilarga kelajakka tayyorgarlik yondashuvlarining iqtisodiy transformatsiya jarayonlaridagi o‘rni, iqtisodiy va texnologik o‘zgarishlarni prognoz qilish hamda proaktiv strategiyalarni ishlab chiqish masalalari yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Dastur doirasida innovatsiyalarga asoslangan amaliy yondashuv va vositalar bilan tanishtirildi. Ularni iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari, tarmoqlar transformatsiyasi va yangi iqtisodiy o‘sish modellarini shakllantirish jarayonlarida qo‘llash masalalari muhokama qilindi.
Amaliy mashqlar yakunida kelgusida kutilayotgan tendensiyalar va imkoniyatlarni tahlil qilishga qaratilgan 60 ga yaqin mini-senariy ishlab chiqildi. Shuningdek, iqtisodiyotning diversifikatsiyasi, raqobatbardoshligi va innovatsion rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 8 ta strategik g‘oya taqdim etildi.
Sessiyalarda sun’iy intellekt, ma’lumotlarga asoslangan qaror qabul qilish, raqamli platformalar va ilg‘or tahliliy vositalarning iqtisodiy rivojlanishdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Mazkur tashabbus Iqtisodiyot va moliya vazirligida kelajakka yo‘naltirilgan yondashuvlarni institutsional darajada rivojlantirish hamda innovatsiyalar, yangi texnologiyalar va strategik rejalashtirish mexanizmlarini mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Dastur yakunida davlat organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, akademik doiralar va xususiy sektor vakillari ishtirokida istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi






