O‘zbekistonda moliyaviy hisobot tizimining fundamental hujjati bo‘lgan Konseptual asos tasdiqlandi
2026-06-11 14:55:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekistonda moliyaviy hisobot tizimini rivojlantirish va xalqaro standartlarga moslashtirish jarayonida yana bir muhim hujjat qabul qilindi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Moliyaviy hisobotni tuzish va taqdim etishning Konseptual asoslari” (ro‘yxat raqami 3854, 2026-yil 10-iyun) tasdiqlandi.
Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-sentabrdagi PQ–282-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda milliy buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot tizimini xalqaro talablarga moslashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Konseptual asos — moliyaviy hisobot standartlari tizimining fundamental hujjati bo‘lib, yangi moliyaviy hisobot standartlarini ishlab chiqish va amaldagi standartlarni takomillashtirish uchun yagona metodologik poydevorni yaratadi. Hujjat moliyaviy hisobotlarning maqsadi, sifat tavsiflari, moliyaviy hisobot elementlari, ularni tan olish, baholash, taqdim etish va yoritib berish bo‘yicha asosiy tamoyillarni belgilaydi.
Ushbu Konseptual asosning joriy etilishi moliyaviy hisobot tizimida izchillik va yagona yondashuvni ta’minlashga xizmat qiladi. Uning asosida standartlar o‘rtasidagi uyg‘unlik mustahkamlanib, moliyaviy ma’lumotlarning ishonchliligi, qiyoslanuvchanligi va tushunarliligi yanada oshadi.
Shuningdek, hujjat MHMS standartlarida to‘liq tartibga solinmagan masalalar yuzaga kelganda hisob siyosatini shakllantirish uchun muhim metodologik yo‘riqnoma vazifasini bajaradi.
Konseptual asosning qabul qilinishi milliy moliyaviy hisobot tizimining zamonaviy talablar asosida rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi hamda mamlakatda shaffof, izchil va xalqaro standartlarga uyg‘un moliyaviy hisobot muhitini shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
