Yaponiya Moliya vazirining xalqaro masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-06-09 14:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Muzokaralar davomida tomonlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi markaziy apparati, tizim tashkilotlari hamda hududiy bo‘linmalar xodimlarining malakasini oshirish va kasbiy salohiyatini rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Siyosiy tadqiqotlar instituti (PRI – Policy Research Institute) bilan hamkorlikda qo‘shma o‘quv va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, jumladan, moliya sohasida zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni qo‘llash yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar Yaponiya mutaxassislari va ekspertlarini yangi tashkil etilgan “Tosh Tech” universitetining ta’lim jarayoniga jalb etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda ikki mamlakatning ta’lim va ilmiy muassasalari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar hamda ta’lim, ilmiy-tadqiqot va texnologik loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi





