Kiberxavfsizlik bo‘yicha xabardorlikni oshirish masalalariga bag‘ishlangan targ‘ibot-tushuntirish tadbiri o‘tkazildi
2026-06-08 19:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Raqamli texnologiyalarni muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i Jamshid Xoshimov, Axborot texnologiyalari markazi (ATM) direktori Farrux Xo‘jamqulov, Vazirlikning Axborot va kiberxavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Sherzod Axmedov hamda Vazirlik tizimidagi yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga fishing (phishing) hujumlari, zararli dasturlar, soxta havolalar, ijtimoiy muhandislik usullari, internet firibgarligi hamda shaxsiy va xizmat ma’lumotlarining xavfsizligini ta’minlashga oid dolzarb masalalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, kiberjinoyatchilar tomonidan qo‘llanilayotgan zamonaviy usullar, foydalanuvchilarning e’tiborsizligi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar hamda ularning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar muhokama qilindi.
Ma’ruzachilar tomonidan raqamli makonda xavfsiz faoliyat yuritishning asosiy tamoyillari, kuchli parollardan foydalanish, ikki bosqichli autentifikatsiyani joriy etish, noma’lum manbalardan yuborilgan fayl va havolalarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, shuningdek, shaxsiy va xizmat ma’lumotlarini himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Muloqot yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar. Amaliy misollar asosida kiberhujumlarni aniqlash, xavfli vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish va axborot resurslarini himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, xodimlarning kiberxavfsizlik sohasidagi bilimlarini muntazam yangilab borish va axborot xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish zarurligi alohida qayd etildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi


