“Fitch” xalqaro reyting agentligi Oʻzbekiston kredit reytingi kutilmasini “barqaror”dan “ijobiyga” oshirdi
2026-06-03 17:50:00 / Vazirlik yangiliklari

2025-yilning iyun oyida “Fitch” tomonidan Oʻzbekiston kredit reytingi “BB-”dan 1 pogʻona yuqoriga “BB” darajasiga oshirilgan edi. 2014-yildan buyon faqatgina 15 ta mamlakat 12 oy ichida reyting bahosi va kutilmasini ketma-ket oshirishga erishgan.
Hisobotda Oʻzbekiston kredit reyting kutilmasining “ijobiy”ga oshirilishi quyidagilar bilan izohlangan:
· global noaniqliklarga qaramay, islohotlar natijadorligi va makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan siyosatning davom ettirilishi orqali oʻrta muddatda barqaror iqtisodiy oʻsish va makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning yaxshilanishi kutilmoqda;
· fiskal va monetar islohotlarning davom ettirilishi makroiqtisodiy siyosat va shaffoflikni mustahkamlash orqali budjet taqchilligini pasaytirish hamda xalqaro zaxiralarning sezilarli oshishiga xizmat qiladi;
· islohotlar boshqaruv sifati koʻrsatkichlariga ham ijobiy taʼsir koʻrsatishi kutilmoqda.
“Fitch” tomonidan Oʻzbekiston kredit reyting bahosi “BB” darajasida saqlanishi davlat qarzining YAIMga nisbatan pastligi, tashqi zaxiralar hajmi va yuqori iqtisodiy oʻsish salohiyatini aks ettirishi qayd etilgan.
Agentlikka koʻra, hukumatning islohotlar dasturi xususiylashtirish, monetar siyosat va fiskal boshqaruvni yaxshilash hamda shaffoflikni taʼminlash orqali iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan.
Xususan, yirik davlat korxonalarining aksiyalariga ega boʻlgan Milliy investitsiya jamgʻarmasi joriy yilning may oyida xalqaro kapital bozorlarida listingdan oʻtgani alohida eʼtirof etilgan.
Hisobotda keltirilishicha, Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli neft va gaz narxlarining oshishi joriy yilda iqtisodiy oʻsish va inflatsiyaga salbiy taʼsir koʻrsatishi prognozlarda aks etgan.
Xususan, islohotlarning ijobiy taʼsiri, xomashyo tovarlari boʻyicha qulay narx konyunkturasi va barqaror pul oʻtkazmalari tufayli iqtisodiy oʻsish 2026-yilda 6 foiz, 2027–2028-yillarda oʻrtacha 6,4 foiz va oʻrta muddatli istiqbolda 6,3 foiz darajasida kutilmoqda.
2025-yil uchun budjet taqchilligi YAIMga nisbatan 2,1 foizni tashkil etib, 3 foizlik yuqori chegaradan past boʻlgani agentlik tomonidan ijobiy baholangan. Bunda, budjet daromadlarining kutilganidan yuqori boʻlgani, shu jumladan xomashyo narxlarining ijobiy konyunkturasi qayd etilgan. Shuningdek, 2026-yilda energetika subsidiyalari qisqarganiga eʼtibor qaratilgan.
Agentlik budjet taqchilligining pasayishi va yuqori iqtisodiy oʻsish tufayli 2027–2028-yillarda davlat qarzi belgilangan yuqori chegaradan (YAIMga nisbatan 60 foiz) ancha past darajada saqlanishini prognoz qilmoqda.
Shuningdek, inflatsion targetlash rejimi doirasida 2025-yil mart oyidan buyon Markaziy bankning asosiy stavkasi 14 foiz darajasida saqlanib turgani qayd etilgan. Bunda, 2026-yilning aprel oyida inflatsiya 7 foizni tashkil etgani bildirilgan.
“Fitch”ga koʻra, Oʻzbekiston suveren kredit reyting bahosi quyidagi hollarda oshirilishi mumkin:
· tarkibiy islohotlar jadallashishi natijasida makroiqtisodiy barqarorlik mustahkamlanishi, yuqori iqtisodiy oʻsish saqlanishi hamda fiskal koʻrsatkichlarga ijobiy taʼsir koʻrsatishi;
· past budjet taqchilligi taʼminlanishi natijasida oʻrta muddatda davlat qarzining barqaror darajada saqlanishi;
· boshqaruv sifati sezilarli va barqaror ravishda yaxshilanishi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
