Jahon banki vakillari bilan iqtisodiy islohotlar va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi
2026-05-25 22:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ma’lumot uchun: DPO (Rivojlanish siyosati operatsiyasi) — bu mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xalqaro hamkorlik dasturi bo‘lib, u orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benhassin hamda Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, qator vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Mazkur tadbir mamlakatda Jahon banki ko’magida amalga oshirilayotgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlar natijalarini sarhisob qilish hamda keyingi bosqichda o‘sish sur’atlarini davom ettirish bo‘yicha yangi yo‘nalishlarini belgilashga qaratildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ochiqlik va bozor tamoyillari asosida olib borilayotgan iqtisodiy o‘zgarishlar natijasida barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlanganligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, xususiy sektorni kengaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli ish o‘rinlarini yaratish hamkorlikning ustuvor vazifalari sifatida qayd etildi.
Muhokamalar jarayonida iqtisodiy o‘sishni yanada jadallashtirishga xizmat qiluvchi asosiy yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi. Xususan, raqobat muhitini mustahkamlash, investitsion jozibadorlikni oshirish, moliyaviy sektorni rivojlantirish hamda xalqaro savdo va logistika tizimlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini modernizatsiya qilish orqali aholi farovonligini oshirish muhim omil ekani qayd etildi.
Tadbir doirasida Jahon banki ekspertlari tomonidan iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi DPO dasturining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan taqdimot qilindi. Bunda, ekspertlar tomonidan mamlakatda transport va raqamli infratuzilmani rivojlantirish, moliya bozorlarini imkoniyatlarini kengaytirish, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash hamda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish orqali xususiy sektor rolini oshirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Muhokamalar yakunida tomonlar iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirishda hamkorlikni kengaytirish hamda yangi DPO dasturi doirasida aniq va samarador chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi






