Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assotsiatsiyasi (ACCA, Buyuk Britaniya) bilan oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi
2026-05-19 10:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-sentabrdagi PQ-282-sonli “Moliyaviy hisobot tizimini xalqaro talab va standartlarga muvofiq takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yil 18-may kuni Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) boʻyicha kadrlarni tayyorlash va professional sertifikatlashning zamonaviy tizimini joriy etish boʻyicha Sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assotsiatsiyasi (Association of Chartered Certified Accountants – ACCA) bilan yangilangan oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Ma’lumot uchun: Sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assotsiatsiyasi (Association of Chartered Certified Accountants, ACCA) 1904-yilda tashkil etilgan va 1974-yilda Angliya va Uels qonunchiligiga muvofiq Qirollik xartiyasiga kiritilgan ACCA moliya va buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilot boʻlib, 180 dan ortiq mamlakatdagi 530 000 nafar talaba (nomzod) va 250 000 nafar aʼzoni professional buxgalterlarni birlashtiradi (https://www.accaglobal.com).
Memorandumni imzolashdan asosiy maqsad MHXS sohasida malakali kadrlar tayyorlash uchun xalqaro taʼlim standartlarini joriy etishga koʻmaklashishdir. Yangilangan memorandum doirasida tomonlar xalqaro moliyaviy hisobot va audit standartlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, oʻqituvchilar malakasini oshirish, universitet dasturlarini akkreditatsiya qilish va ACCA kvalifikatsiyasini milliy taʼlim tizimiga integratsiya qilish boʻyicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Vazirlikning ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq, yangilangan Memorandum quyidagi yangi yoʻnalishlarda hamkorlik sohalarini oʻz ichiga oladi:
xalqaro ilgʻor tajriba va ACCA metodologiyasiga muvofiq audit sifati nazorati tizimini rivojlantirish va mustahkamlashni qoʻllab-quvvatlash;
barqarorlik (sustainability) sohasida kompetensiyalarni rivojlantirish va xalqaro barqarorlik hisobotlari standartlarini joriy etishni qoʻllab-quvvatlash;
davlat organlari xodimlari uchun oʻquv va kasbiy malaka oshirish dasturlarini tashkil etish.
Ushbu Memorandum tomonlarning moliyaviy hisobot sohasidagi strategik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi.
Taʼkidlash joizki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda ACCA oʻrtasidagi dastlabki hamkorlik bo‘yicha 2020-yildagi Memorandum doirasida xalqaro professional taʼlim va malaka tizimini rivojlantirish boʻyicha qator muhim natijalarga erishildi.
Xususan, 2020–2025-yillar davomida jami 4200 dan ortiq talabgorlar uchun ACCA tashkilotining tegishli fan va sertifikatlari uchun imtihon topshirish va oʻqish xarajatlari boʻyicha 11,06 mlrd soʻm davlat budjetidan qoplab berildi. Hamkorlik jarayonida 20 dan ortiq oʻquv markazlari xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtdi. Bugungi kunda Respublikada ACCA aʼzo (Member va Affiliate) maqomiga ega mutaxassislar soni – 123 nafar, DipIFR ACCA diplomiga ega mutaxassislar soni – 618 nafar, “MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot (FR)” fanidan imtihonni muvaffaqiyatli topshirganlar soni – 1157 nafar, “Audit va ishonch bildirish xizmatlari (AA)” fanidan imtihonni muvaffaqiyatli topshirganlar soni – 439 nafar, jami 2 337 ga yaqin xalqaro sertifikatga ega mutaxassislar mavjud.
Tomonlar yangilangan mazkur memorandum Oʻzbekistonda moliyaviy hisobot va audit tizimini xalqaro standartlarga muvofiq rivojlantirish, yuqori malakali mutaxassislar sonini oshirish, investitsion jozibadorlikni yanada mustahkamlash hamda mamlakat iqtisodiyotining barqaror oʻsishini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi


