O‘zbekistonning xalqaro kapital bozoridagi muhim qadami
2026-05-18 17:35:00 / Vazirlik yangiliklari

2026-yil 18-may kuni O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishida muhim voqea yuz berdi — O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalarining birlamchi ommaviy joylashtirilishi (IPO) London fond birjasi maydonida muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Mazkur IPO O‘zbekistonning zamonaviy iqtisodiy tarixida xalqaro fond bozorida amalga oshirilgan yirik kapital bozori operatsiyalaridan biri bo‘lib, mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, bozor mexanizmlarini keng joriy etish, korporativ boshqaruv standartlarini takomillashtirish hamda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi tizimli ishlarning amaliy natijasi sifatida baholanmoqda.
Joylashtirish jarayonida xalqaro investorlar tomonidan yuqori qiziqish bildirildi. Xususan, UzNIF aksiyalariga bo‘lgan talab joylashtirish hajmidan to‘rt baravardan ortiq shakllanib, umumiy buyurtmalar hajmi qariyb 3 milliard AQSH dollariga yetdi.
Mazkur natijalar xalqaro institutsional investorlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganini, mamlakatning uzoq muddatli investitsiyalar uchun istiqbolli va barqaror yo‘nalish sifatida baholanayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, ushbu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlash, davlat aktivlarini transformatsiya qilish hamda xalqaro moliya bozorlariga integratsiyani jadallashtirish borasidagi siyosatning muhim natijalaridan biri hisoblanadi.
UzNIF aksiyalarining London fond birjasida muvaffaqiyatli joylashtirilishi O‘zbekistonning xalqaro investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, milliy kapital bozorini rivojlantirish hamda mamlakatning global moliyaviy maydondagi pozitsiyalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
