Axborot tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan 2026-yil 1-choragi davomida bajarilgan ishlar boʻyicha ma’lumot
2026-05-12 22:35:00 / Vazirlik yangiliklari
Raqamlashtirishga doir ustuvor loyihalarni amalga oshirish boʻyicha:
Iqtisodiyot va moliya vazirligining tegishli funksiya va vazifalarini raqamlashtirishga qaratilgan 4 ta ustuvor loyiha amalga oshirildi. Xususan:
1) “Subsidiya.idm.uz” axborot tizimi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-fevraldagi “Oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimiga) ega boʻlgan pedagoglarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 49-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari boshlangʻich badalining 25 foizini qoplab berish uchun Davlat budjetidan subsidiya ajratish tartibi joriy etildi.
Bunda:
– subsidiya olish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YAIDXP) orqali qabul qilinishi yo‘lga qoʻyildi;
– kelib tushgan arizalarni belgilangan tartibda inson omilisiz skoringdan oʻtkazish va natijasi toʻgʻrisida xabar berish tizimi ishlab chiqildi;
– subsidiyalarni ishtirok etuvchi tijorat banklarining buyurtmanomalariga asosan “subsidyplatform.mf.uz” toʻlov platformasi orqali avtomatik tarzda toʻlab berish boʻyicha qoʻshimcha ishlar amalga oshirildi.
2) “E-Grant” axborot tizimi
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 49-son qaroriga muvofiq oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan davlat buyurtmasini elektron platforma orqali shakllantirish (davlat buyurtmasini shakllantirishda ma’lumotlarni jamlash, qayta ishlash va ish beruvchilarning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlash) maqsadida “E-Grant” axborot tizimi ishlab chiqildi.
3) “E-Kuzatuv kengashi” axborot tizimi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi aksiyadori hisoblangan yirik davlat korxonalarida korporativ boshqaruvni takomillashtirish maqsadida kuzatuv kengashlari faoliyatini raqamlashtirish maqsadida kuzatuv kengashlari faoliyatining barcha jarayonlarini qamrab oladigan “Elektron Kuzatuv kengashi” maxsus axborot tizimi ishlab chiqildi.
4) “Open-budjet” axborot tizimi
a) Axborot tizimi tarkibida deputat tashabbusi asosida moliyalashtiriladigan loyihalar uchun alohida sahifa tashkil etildi va shu turdagi barcha loyihalarning jamoatchilik uchun ochiq roʻyxatini yuritish joriy qilindi;
b) “Tashabbusli budjet” jarayonida loyihalarni sherikchilik asosida moliyalashtirish amaliyotini joriy etildi va loyihalar axborot tizimi bilan qamrab olindi;
v) “Tashabbusli budjet” jarayonlarida ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolar toʻgʻrisida ma’lumotlarni oʻz ichiga olgan “ovoz beruvchilar portreti” maʼlumotlar bazasini ishga tushirildi.
Sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalarini joriy qilish boʻyicha:
Iqtisodiyot va moliya vazirligida sunʻiy intellekt tashabbuslarini tizimli muvofiqlashtirish hamda strategik rivojlantirish maqsadida “Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan Ishchi guruh” tashkil etildi. Mazkur ishchi guruh tarkibiga ushbu yoʻnalish boʻyicha tegishli mutaxassislar, jumladan AI Project Manager, AI Engineer, MLOps mutaxassisi, Network Administrator hamda System Administrator jalb etildi.
1) Iqtisodiyot va moliya vazirligi faoliyatiga oid kelib tushayotgan murojaatlarni tezkor, aniq va samarali koʻrib chiqish hamda vazirlikda joriy etilgan axborot tizimlari foydalanuvchilariga maslahat xizmatini koʻrsatish maqsadida sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan “AI-assistant” tizimi ishlab chiqildi.
Mazkur tizim normativ-huquqiy hujjatlar hamda ochiq ma’lumotlar asosida oʻqitilib, dastlab “Ochiq budjet” portali faoliyatiga sinov tariqasida joriy etildi.
Bundan tashqari, hozirda ChatBot tizimining budjet buyurtmachilariga davlat xaridlari boʻyicha amaliy koʻrsatmalar beruvchi “Gʻazna AI” moduli ishlab chiqilib, gʻaznachilik va davlat xaridlari sohasidagi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida oʻqitildi hamda moduli faoliyatini “UzASBO” dasturiy majmuasida sinov tariqasida joriy etildi.
2) Hududlar kesimida makroiqtisodiy hamda korxona darajasidagi koʻrsatkichlarni kompleks tahlil qilish, hududiy oʻsish nuqtalarini aniqlash va foydalanuvchilarni sifatli tahliliy ma’lumotlar, prognozlar hamda tavsiyalar bilan taʻminlash orqali boshqaruv qarorlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “IM AI” tahlil tizimi (ai.imv.uz) ishlab chiqildi hamda sinov tariqasida amaliyotga joriy etildi.
Biznes jarayonlarni raqamlashtirish sohasida:
“Vazirlikning iqtisodiyot yoʻnalishidagi vazifa va funksiyalarini auditdan oʻtkazish, biznes jarayonlarini maqbullashtirish, reinjiniring va avtomatlashtirish imkoniyatlarini baholash” loyihasi boshlandi.
Hozirda 15 ga yaqin tarkibiy tuzilma va tizim tashkilotlari bilan intervyular tashkil etildi. Loyiha doirasida jarayonlarning samaradorligini oshirish maqsadida ortiqcha boʻgʻinlar va takrorlanuvchi funksiyalar aniqlanib, ularni optimallashtirish va raqamlashtirish boʻyicha asoslangan takliflar ishlab chiqish maqsad qilingan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
