“O‘zbekistonda ipoteka bozori va uy-joy subsidiyalari tizimi: murojaatlar tahlili, yangi mexanizmlar va rivojlanish istiqbollari” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
2026-05-12 18:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbir davomida so‘nggi yillarda uy-joy siyosati sohasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijalari alohida qayd etildi. Xususan, 2020-yildan boshlab bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlash tizimi joriy etilgani, daromadi yuqori bo‘lmagan aholi qatlamlarini davlat tomonidan subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini kompleks qurish ishlari boshlanganligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga ixtisoslashgan moliyaviy institut – “O‘zbekiston ipoteka kreditlarini qayta moliyalash kompaniyasi” AJ tashkil etilgani sohadagi muhim institutsional o‘zgarishlardan biri sifatida e’tirof etildi.
Tadbirda ipoteka kreditlash dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham atroflicha ma’lumot berildi. 2020–2025-yillarda barcha manbalar hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi izchil oshib borgani, 2025-yilda mazkur ko‘rsatkich 21,2 trln so‘mni tashkil etgani ma’lum qilindi.
2026-yilda aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida jami 23 trln so‘m resurs mablag‘lari yo‘naltirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 12,3 trln so‘m davlat budjeti, 7,7 trln so‘m tijorat banklari hamda 3 trln so‘m Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keladi. Natijada 73 mingdan ziyod oilalar yangi uy-joy bilan ta’minlanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ipoteka kreditlarining eng yuqori miqdori Toshkent shahrida 480 mln so‘mgacha, hududlarda esa 380 mln so‘mgacha oshirilgani qayd etildi.
Ochiq muloqotda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalash tizimini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, daromadi yuqori bo‘lmagan fuqarolar uchun ipoteka krediti boshlang‘ich badalining bir qismini qoplash maqsadida 30 mln so‘mgacha subsidiya ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi dastlabki 5 yil davomida davlat tomonidan qoplab beriladi.
2024–2025-yillarda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish masalasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda uning hududiy bosh boshqarmalariga kelib tushgan murojaatlar tahliliga ko‘ra, 2024-yilda jami 5 528 ta murojaat kelib tushib, ularning 3 822 tasi yoki 69 foizi ijobiy hal qilingan. 2025-yilda esa murojaatlar soni 3 509 tani tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 37 foizga kamaygan. Shu bilan birga, ijobiy hal qilingan murojaatlar ulushining 91 foizgacha oshgani ipoteka subsidiyalari tizimida amalga oshirilgan islohotlar samaradorligini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, 2026-yildan boshlab oliy malaka toifasiga ega va kamida 15 yillik ish stajiga ega pedagoglar uchun ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizini qoplashga qaratilgan yangi subsidiya mexanizmi joriy etilgani qayd etildi. Ushbu maqsadlar uchun har yili davlat budjetidan 200 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Tadbirda ipoteka subsidiyalari tizimini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ham ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, “subsidiya.idm.uz” platformasi orqali subsidiya uchun arizalarni inson omilisiz avtomatik baholash tizimi joriy etilgani, arizalarni ko‘rib chiqish jarayoni to‘liq raqamlashtirilgani ta’kidlandi. Bu esa tizimning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Ochiq muloqot davomida ipoteka bozorida yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish bo‘yicha rejalar ham ma’lum qilindi. Jumladan, 2026-yil 1-iyuldan boshlab tajriba-sinov tariqasida maqsadli ipoteka omonati mexanizmini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, mazkur instrument aholining boshlang‘ich badalni shakllantirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, ipotekani kafolatlash jamg‘armasini tashkil etish orqali aholining ipoteka kreditlaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, tijorat banklari tavakkalchiliklarini kamaytirish va yangi ipoteka mahsulotlarini joriy etish nazarda tutilgani qayd etildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi









