Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan O‘zbekiston hududlarida master rejalar bo‘yicha yashil iqtisodiy rivojlanishni kuchaytirish yoʻnalishida 9 mln yevro grant jalb qilish yuzasidan kelishuv imzolandi
2026-04-30 20:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, GIZ va UzAgrostar holding vakillari hamda boshqa masʼullar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda GIZ bilan hamkorlikda master rejalar sohasida amalga oshirilgan loyihalar va kelgusi rejalar yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Shuningdek, uchrashuv davomida mazkur hamkorlik doirasida GIZ tomonidan oldin ajratilgan grant mablag‘lar hisobidan 12 ta tuman bo‘yicha kompleks rivojlantirish master rejalari (strategiyalari) ishlab chiqilib, 24 ta pilot loyihalar yuqori baholandi.
Jumladan, ushbu loyihalar doirasida Shahrisabz tumanida 500 gektar maydonda tashkil etilgan agroturizm majmuasi, Amudaryo, Chimboy, Bulungʻur, Kattaqoʻrgʻon, Mirishkor, Xiva va Hazorasp tumanlarida tashkil etilgan kasbga o‘qitish markazlari, intensiv baliq yetishtirish, ijtimoiy soha obyektlarida o‘rnatilgan energiya tejovchi issiqliq nasoslar, IT va hunarmandchilik markazlari buning uchun 1,3 million yevro grant mablag‘lari yo‘naltirilganligi qayt etildi.
Master rejalar bo‘yicha boshlangan ishlarni amaliy jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi GIZning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida 9 mln yevro grant mablagʻlar hisobidan master rejalar ishlab chiqish va yashil pilot loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan 2026–2029-yillarga moʻljallangan “Amalga oshirish boʻyicha kelishuv” imzolandi.
Ushbu hamkorlik doirasida quyidagi yo‘nalishlarda ishlar davom ettiriladi:
Master rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda suniy intellekt va innovatsion tahlil usullaridan foydalanish;
12 ta tuman bo‘yicha ishlab chiqilgan master rejalar asosida yashil pilot loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish;
xorijiy va mahalliy ekspertlarni jalb qilib, qo‘shimcha Bahmal, Boysun va So‘x tumanlarida master rejalar (strategiyalar) asosida pilot loyihalarni amalga oshirish;
“capacity building” dasturlari doirasida master rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofislari xodimlari va xususiy sektor vakillari malakasini oshirish bo‘yicha seminar va treninglar tashkil etish;
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda belgilangan maqsadlar sari tizimli va samarali faoliyat olib borishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi



