Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi hamda “TARSIM” qishloq xo‘jaligi sug‘urta jamg‘armasi mas’ul vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-04-30 14:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Turkiyaning Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi Agrosug‘urta va tabiiy ofatlar departamenti boshlig‘i, “TARSIM” sug‘urta jamg‘armasi boshqaruv kengashi raisi Kamil O‘zdemir, O‘zbekistondagi Turkiya elchisining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi Burhan Demirok hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini turli tavakkalchiliklardan himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida 2025-yil aprel oyida “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan. Shuningdek, noyabr oyida soha boshqaruvi uchun mas’ul yangi institut – Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilgan.
Uchrashuv davomida iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga ta’sirini inobatga olgan holda, mamlakatimizda sug‘urta tizimining riskka asoslangan barqaror faoliyatini ta’minlash bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida asosiy e’tibor quyidagilarga qaratildi:
- qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi bo‘yicha soha xodimlarining malakasini oshirish;
- sug‘urtalash jarayonining barcha bosqichlarida (masalan, arizalarni qabul qilish, yetkazilgan zararlarni baholash, sug‘urta to‘lovlarini amalga oshirish) yuqori samaradorlikni ta’minlash.
Turkiya tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun “TARSIM” jamg‘armasi huzurida malaka oshirish kurslarini tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni tizimli davom ettirish va ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning ijrosini ta’minlash maqsadida qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi



