Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari Markaziy Osiyoda iqlim investitsiyalari yo‘llari mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etishdi
2026-04-23 14:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur tadbir 2026-yil 22–24-aprel kunlari Ostona shahrida o‘tkazilayotgan yirik mintaqaviy iqlim tadbirlari, xususan, Markaziy Osiyo iqlim konferensiyasi va Mintaqaviy ekologik sammit doirasida tashkil etildi.
Davra suhbatining asosiy maqsadi Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda moslashish choralarini amalga oshirish uchun investitsiyalarni kengaytirish, iqlim moliyasini jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qilish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida ishtirokchilar energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarida yashil loyihalarni rivojlantirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kuchaytirish, iqlim loyihalarini tayyorlash va moliyalashtirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan investitsiyalarni kengaytirish bo‘yicha fikr almashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov nutq so‘zlab, mamlakatda yashil iqtisodiyotga o‘tish hamda yashil investitsiyalarni jalb qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Xususan, elektr transport vositalarini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, energiya samaradorligini oshirish, uglerod savdosi mexanizmlarini joriy etish, energetika sektorida amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar hamda yashil moliyalashtirishni jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar iqlim moliyasini kengaytirish, mintaqaviy loyihalarni ishlab chiqish va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish orqali Markaziy Osiyoda barqaror va iqlimga chidamli rivojlanishni ta’minlash muhimligini qayd etdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi


