O‘zbekiston “Water Forward” global tashabbusiga qo‘shildi
2026-04-18 11:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur tadbirda Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, xalqaro moliya institutlari rahbarlari hamda turli davlatlar vakillari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirok etdi.
“Water Forward” tashabbusi suv resurslaridan samarali foydalanish, suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda qurg‘oqchilik va suv toshqinlariga chidamlilikni oshirish orqali aholi farovonligini ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Tashabbus doirasida ishtirokchi davlatlar suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish, institutlar salohiyatini mustahkamlash hamda yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari, hukumatlar, xususiy sektor va boshqa hamkorlar bilan keng ko‘lamli hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
“Water Forward” tashabbusi doirasida asosiy instrument sifatida milliy suv paktlari ishlab chiqiladi. Ushbu paktlar orqali mamlakatlar suv sohasidagi ustuvor islohot yo‘nalishlarini belgilab, ularni amalga oshirish uchun zarur moliyaviy va institutsional resurslarni jalb etadi.
Tadbirda 14 ta davlatdan iborat birinchi guruh “Water Forward” tashabbusiga qo‘shilgani e’lon qilindi. Ular qatorida O‘zbekiston ham mavjud bo‘lib, mamlakat Jahon banki bilan hamkorlikda milliy suv paktini ishlab chiqdi.
Mazkur pakt O‘zbekistonning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlariga to‘liq mos keladi hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, irrigatsiya tizimidagi yo‘qotishlarni kamaytirish, aholining toza ichimlik suvi va sanitariya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirishni nazarda tutadi.
Xususan, 2030-yilgacha kamida 3,8 million aholi uchun suv xavfsizligini ta’minlash, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, suv yo‘qotishlarini 25 foizga kamaytirish hamda suv infratuzilmasiga yirik investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan.
Tadbir yakunida O‘zbekiston tomoni xalqaro hamkorlar bilan birgalikda suv xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga moslashish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni izchil davom ettirishga tayyor ekanligini bildirdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi




