Ipoteka dasturida ishtirok etayotgan tijorat banklari soni 16 taga yetdi
2026-04-17 15:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur Ipoteka dasturiga ko‘ra, dasturda ishtirok etuvchi banklar tomonidan 40 121 nafar fuqaroga ajratilgan 12 250,2 mlrd so‘mlik ipoteka kreditlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qayta moliyalashtirilishi belgilangan.
Shu bilan birga, ipoteka kreditlari bo‘yicha Davlat byudjetidan to‘lab beriladigan jami subsidiyalar miqdori 2 701,5 mlrd so‘mni tashkil etib, shundan 30 ming nafar fuqaroga uy-joy sotib olishda dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun 900,0 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan.
Ushbu Davlat dasturini samarali amalga oshirish maqsadida joriy yilning 9-aprel kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Invest Finance Bank” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum doirasida har yili tasdiqlanadigan ipoteka Davlat dasturlari asosida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ipoteka bozoriga moliyaviy resurslarni jalb etish, ishtirokchilarning o‘zaro huquq va majburiyatlarini aniq belgilash hamda o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam institutsional asos yaratiladi.
Hozirgi vaqtda ipoteka dasturida ishtirok etayotgan tijorat banklari soni 15 tani tashkil etgan bo‘lsa, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Invest Finance Bank” o‘rtasida mazkur memorandum imzolanishi natijasida ishtirokchi banklar soni 16 taga yetkazildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
