O‘zbekiston Iqtisodiy erkinlik indeksida 14 pog‘onaga yaxshilanib 86-o‘ringa ko‘tarildi
2026-03-19 18:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Iqtisodiy erkinlik indeksi - mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi, investitsiya muhiti va bozor munosabatlari holatini baholaydigan muhim xalqaro ko‘rsatkichdir.
Iqtisodiy erkinlik indeksi O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan 15 ta xalqaro reyting va indekslardan biri hisoblanadi.
2025-yilda “Fitch” va “S&P” O‘zbekiston suveren kredit reytingini ilk marotaba “BB-”dan “BB” darajasiga, “Moody’s” respublika reyting kutilmasini “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi. Natijada, O‘zbekiston hukumati va boshqa emitentlar uchun yangi qarz jalb qilish xarajatlarini o‘rtacha 1,06 - 1,40 foizga pasaytirish imkoniyati paydo bo‘ldi hamda 17 bank va korxonalarning reytingi oshirildi.
Mamlakatimiz iqtisodiy erkinlik darajasi bo‘yicha jahon (59,9 ball) hamda mintaqaviy (58,6 ball) o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lib, birinchi marta “o‘rtacha erkin” (“moderately free”) davlatlar qatoriga kirgan (oldingi yillarda asosan erkin bo‘lmagan davlatlar qatorida bo‘lgan).
Iqtisodiy erkinlik indeksi metodologiyasiga ko‘ra mamlakatlar iqtisodiy erkinlik darajasi bo‘yicha 5 guruhga bo‘linadi: 80–100 ball — “erkin iqtisodiyot”, 70–79.9 ball — “asosan erkin”, 60–69.9 ball — “o‘rtacha erkin”, 50–59.9 — “asosan erkin emas”, 0–49.9 ball — “iqtisodiy jihatdan repressiyalangan”.
Respublika bahosidagi 12 ta indikatorning 8 tasida ijobiy va 2 tasida salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan bo‘lsa, qolgan 2 tasida esa o‘zgarish kuzatilmagan.
Shuningdek, hisobotda O‘zbekiston raqobatbardosh bozor iqtisodiyotini barpo etish yo‘lida muhim islohotlarni amalga oshirayotgani, iqtisodiy erkinlikni ta’minlovchi, yanada ochiqroq va zamonaviyroq tizimga o‘tishni ko‘maklashuvchi siyosatni olib borayotgani ta’kidlangan.
Xususan, hukumat bank sektori va davlat korxonalariga aralashuvni kamaytirishga amal qilib kelayotgani hamda biznesni boshlash jarayoni soddalashtirilgani qayd etilgan. Hisobotda keltirilishicha, zamonaviy mehnat bozori rivojlanishda davom etmoqda, ammo norasmiy sektorda bandlik sezilarli darajada saqlanib qolmoqda.
Davom etayotgan inflyatsion bosimga qaramasdan, mamlakatning pul-kredit holati nisbatan barqaror darajada saqlanayotgani hamda O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonining so‘nggi bosqichida ekanligi e’tirof etilgan.
Iqtisodiy erkinlik indeksi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning samaradorligini baholashda, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, davlatimizning xalqaro maydondagi o‘rni va imijini shakllantirish, aholi turmush farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
