Oʻzbekistonda pandemiyalarning oldini olish, oziq-ovqat taʼminoti tizimlari va ekotizim barqarorligiga bagʻishlangan “Yagona salomatlik” (One Health) grant loyihasi
2026-02-17 16:15:00 / Jahon Banki bilan qo'shma loyihalar
Taklif etilayotgan grant loyiha Markaziy Osiyoda pandemiyalarning oldini olish, oziq-ovqat tizimlari barqarorligi va ekotizimlar salomatligini taʼminlashga qaratilgan “Yagona salomatlik” dasturining (keyingi oʻrinlarda Dastur) bir qismiga aylanadi. Dasturda Markaziy Osiyoning beshta mamlakati — Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston va Turkmaniston ishtirok etadi.
Oʻzbekiston Dasturga 3-bosqich loyihasi sifatida qoʻshilishi rejalashtirilgan. Loyiha Pandemiyaga qarshi kurash jamgʻarmasining 1,79 million AQSH dollari miqdoridagi granti hisobidan moliyalashtiriladi (ushbu mablagʻ Jahon banki ijro etuvchi tashkilot sifatida tayinlangan, Oʻzbekiston esa benefitsiar sifatida ishtirok etayotgan “Markaziy Osiyoda “Yagona salomatlik” yondashuvi orqali pandemiyaga tayyorgarlik va javob choralari” koʻp davlatli loyihasining tegishli qismiga toʻgʻri keladi).
Dasturni rivojlantirish maqsadi (PrDO) — Markaziy Osiyoda “Yagona salomatlik” mintaqaviy yondashuvi orqali ustuvor zoonoz kasalliklar, antimikrob dori vositalariga chidamlilik hamda oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq muammolarning oldini olish, aniqlash va ularga javob berish sohasida salohiyatni mustahkamlashdan iborat.
Dastur milliy va mintaqaviy darajada “Yagona salomatlik” yondashuvini amalga oshirish uchun asosiy salohiyatni rivojlantirishga koʻmaklashadi. Bunda boshqaruv mexanizmini yaratishga hamda mavjud infratuzilma va tizimlarni mustahkamlash orqali profilaktika, aniqlash va javob berish imkoniyatlarini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Grantni amalga oshirish doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekistonda amalga oshirilishi kutilayotgan “Yagona salomatlik” loyihasi boʻyicha “Atrof-muhit va ijtimoiy majburiyatlar rejasini” (Environmental and Social Commitment Plan – ESCP) hamda “Manfaatdor tomonlarni jalb etish rejasini” (Stakeholder Engagement Plan – SEP) ommaviy ravishda eʼlon qilmoqda.
Mazkur hujjatlarda Loyihani boshqarish mexanizmi Jahon bankining Atrof-muhit va ijtimoiy asoslari (Environmental and Social Framework – ESF) talablariga muvofiq ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha manfaatdor tomonlarning majburiyatlari belgilangan.
