“ToshTech” texnika universiteti yangi avlod muhandislik ekotizimi sifatida ish boshladi
2026-01-27 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov hamda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov, shuningdek, xalqaro hamkorlar — Constructor University Bremen (Germaniya) va Boston Consulting Group (AQSH) vakillari, sanoat va energetika tarmoqlarining yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
“ToshTech” O‘zbekiston oliy ta’lim tizimidagi flagman milliy loyiha bo‘lib, u akademik mukammallik, amaliy tadqiqotlar va sanoat bilan tizimli integratsiyaga asoslangan muhandislik universitetining yangi modelini shakllantirmoqda. Universitet STEM yo‘nalishlari, texnologik tadbirkorlik va bilim hamda texnologiyalar transferi uchun institutsional platforma sifatida faoliyat yuritadi.
Univeritetda darslar bakalavriat va magistratura bosqichlarida muhandislik va texnologik yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib borilishi rejalashtirilgan.
Dastlabki to‘rt yilda eng talabgir yo‘nalishlar bo‘yicha beshta maktab (fakultet)ni ishga tushirish rejalashtirilgan:
· Electrical Engineering (Elektr muhandisligi);
· Industrial Mechanical & Automotive Engineering (Sanoat mashinasozligi va avtomobilsozlik muhandisligi);
· Materials Science & Engineering (Materialshunoslik va muhandislik fanlari);
· Advanced Engineering & Emerging Technologies (Ilg‘or muhandislik va yangi texnologiyalar);
· Engineering & Management (Muhandislik boshqaruvi).
Universitetning tayyorlov dasturi (Foundation) ta’lim dasturlari Constructor University Bremen (Germaniya) akademik ishtirokida ishlab chiqilgan bo‘lib, muhandislik ta’limining xalqaro standartlariga to‘liq mos keladi. Ushbu hamkorlik o‘quv dasturlarining sifati, baholash va akademik nazorat mexanizmlari, professor-o‘qituvchilarni tayyorlash va akademik almashinuvni ta’minlaydi.
Shuningdek, universitet Singapur, Buyuk Britaniya, AQSH kabi davlatlarning etakchi oliygohlari bilan hamkorlikda bakalavriat va magistraturata’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
“ToshTech” universitetining rivojlanish konsepsiyasi, institutsional modeli va ta’lim dasturlarining strategik arxitekturasi Boston Consulting Group (BCG) xalqaro konsalting tashkiloti ekspertlari ko‘magida ishlab chiqilgan. BCG Universitetni boshqaruv modeli, sanoat bilan integratsiya, kompetensiya markazlari va raqamli ta’lim infratuzilmasini shakllantirishda qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ochilish marosimi doirasida “ToshTech” va qator yirik tarmoq tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumlari imzolandi. Hamkorlar qatoriga:
· “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ,
· ACWA Power,
· “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ,
· “Yashil Energiya” MChJ,
· “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ,
· “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ,
· “O‘zenergoinjiniiring” AJ kiradi.
Mazkur hamkorliklar doirasida talabalar uchun amaliyot, stajirovka, qo‘shma loyihalar va bitiruvdan so‘ng ishga joylashish mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi.
Texnologik transformatsiya va sanoatni modernizatsiya qilish jarayonlari jadallashayotgan bir sharoitda, O‘zbekiston iqtisodiyotida yuqori malakali muhandis kadrlarga ehtiyoj keskin ortib bormoqda. Ishchi guruh prognozlariga ko‘ra, yaqin 10 yil ichida mamlakatning asosiy tarmoqlarida 35 ming nafarga yaqin muhandis mutaxassisga talab yuzaga keladi. Universitet aynan shu bo‘shliqni to‘ldirish, energetika, sanoat, mashinasozlik va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar uchun zamonaviy muhandislarni tayyorlashga qaratilgan.
Universitet faoliyatini 2026-yil sentabr oyida to‘liq boshlashi uchun zarur infratuzilma shakllantirilgan. 2025-yil dekabr oyida kampusning birinchi bosqichi qurib bitkazildi. Toshkent Tech universiteti binosida loyiha yechimi sifatida energiya samarador texnologiyalar, jumladan, uch qavatli ikki kamerali oynalardan foydalandi hamda tashqi devor izolyatsiyasi uchun bazalt qoplamasi bilan o‘ralib, isitish va sovitish tizimi issiqlik nasosi va fankoillar orqali ta’minlash, talab etiladigan elektr energiyasini qayta tiklanuvchi quyosh panellari orqali ishlab chiqish yo‘lga qo‘yildi. Hozirda 4 ming kv metrdan ortiq bino 120 kvatli quvvatdagi quyosh panellari orqali isitish va sovitish tashkil qilingan.
Universitetning tayyorlov dasturiga (Foundation) dastlabki qabul jarayonida 650 dan ortiq ariza kelib tushdi va 200 nafar tinglovchi saralab olindi. Dastlabki dars va ochiq ma’ruza 2025-yil 20-dekabrda bo‘lib o‘tdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi









