2026-yil uchun Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun: asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar va budjet parametrlari
2026-01-22 17:15:00 / Vazirlik yangiliklari
2026-yilda yalpi ichki mahsulotning 6,6 foizga oʻsishini taʼminlash uchun sanoatda – 6,4 foiz, qishloq xoʻjaligida – 4,2 foiz, bozor xizmatlarida – 14,5 foiz oʻsishni taʼminlash koʻzda tutilgan. Inflatsiya darajasi 7 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Davlat budjeti daromadlari 368,9 trln soʻm, xarajatlari 402,7 trln soʻm miqdorida rejalashtirilgan.
Shu jumladan, ijtimoiy soha xarajatlari 220,1 trln soʻm miqdorida rejalashtirilgan (taʼlim – 100,3 trln soʻm, sogʻliqni saqlash – 49,0 trln soʻm, madaniyat va sport – 8,1 trln soʻm, fan – 2,4 trln soʻm).
Ijtimoiy nafaqalarga 17 trln soʻm mablagʻ va Pensiya jamgʻarmasiga 23 trln soʻm miqdorida transfert ajratilishi rejalashtirilgan.
“Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomi berilgan tuman (shahar)larni namunali hududga aylantirish uchun 4,9 trln soʻm, Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga 18,5 trln soʻm, “Tashabbusli budjet” jarayoniga 6 trln soʻm, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni va tarmoqlarni rivojlantirish xarajatlariga 1,5 trln soʻm mablagʻlar rejalashtirilgan.
2026-yilda budjet qamrovi kengaytirilib, davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun depozit va ssudalarni inobatga olgan holda umumiy fiskal taqchillik 60,2 trln soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz miqdorida belgilangan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
