Adliya vaziri R.Davletovning Norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti sohasida Adliya vazirligining faoliyati maʼruza matni
Assalomu alaykum, hurmatli Rais, majlis ishtirokchilari!
Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan oʻzgarishlar qonunchilikda ham oʻz aksini topmoqda.
Bugungi kunda barcha davlatlar kabi Oʻzbekistonda ham pandemiya sharoiti saqlanib qolayotgan boʻlishiga qaramasdan, norma ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha ishlarimiz toʻxtab qolgani yoʻq.
Aksincha, ushbu holat bizdan, aynan norma ijodkorligi sohasida yanada tezkorlikni, sinchkovlikni va qatʼiy intizomni talab qilmoqda.
Ruxsatingiz bilan, Adliya vazirligining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish yoʻnalishidagi ayrim raqamlarga toʻxtalsam!
Vazirlik tomonidan joriy yil jami 142 ta loyiha ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
(31 ta qonun, 19 ta Prezident farmonlari va 15 ta Prezident qarorlari hamda 64 ta Hukumat qarori loyihalari)
Qonunlar: “
1. Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi yangi tahrirda Qonun, 2. “Pedagog xodimning maqomi toʻgʻrisida”gi 3. “Bepul yuridik yordam toʻgʻrisida”, 4. “Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”, 5. “Favqulodda holat toʻgʻrisida”, 6. “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari toʻgʻrisida” va boshqalar.
Prezident hujjatlari:
– Joriy yil may oyida qabul qilingan farmonda (PF–5997-son) adliya organlari oldida turgan bugungi dolzarb masalalar va vazifalar belgilab berildi;
– Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirishga qaratilgan farmon tadbirkorlik sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
(Mazkur Farmon bilan litsenziyalarning 26 foizi va ruxsat beruvchi hujjatlarning 25 foizi toʻliq bekor qilindi. Shuningdek, 24 ta litsenziya turi 9 ta litsenziya turiga birlashtirish yoʻli bilan bekor qilindi.)
Idoraviy norma ijodkorligi sohasida.
–“Tartibga solish gilyotinasi” usulini qoʻllash orqali 2019-yil 1-yanvardan hozirgi kunga qadar jami 800 dan ortiq idoraviy hujjatlar, shu jumladan, 2020-yil davomida 348 ta idoraviy hujjatlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi.
Idoraviy hujjatlarning umumiy soni 2019-yilning boshiga nisbatan deyarli 12 foizga qisqardi.
– Tarixda birinchi marta elektron shaklda qonun hujjati qabul qilindi hamda bugungi kuunga qadar 70 dan ortiq elektron shakldagi idoraviy hujjatlar davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Bu orqali, vazirlik va idoralarga koʻplab yengillik va qulayliklar, shuningdek ortiqcha sarf-xarajatlar kamayishiga, vaqtning tejalishiga imkoniyat yaratildi.
(2020 yilda 2019 yilga nisbatan birgina Vazirlik markaziy apparatida deyarli 2 baravar kamroq ofis qogʻozi ishlatilgan (2019-yilda – 1068 (28 mln), 2020-yilda –692 pachka (23 mln).
– Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan idoraviy hujjatlarni bekor qilish orqali 100 dan ortiq hujjatlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish choralari koʻrilmoqda.
Norma ijodkorligi faoliyatida kamchiliklar
Ishlab chiqilayotgan loyihalarning soni yildan-yilga koʻpayib bormoqda.
2020-yilning oʻtgan davri mobaynida:
– Vazirlikka ekspertizadan oʻtkazish uchun jami 2 478 ta loyiha kelib tushgan (2019-yilda 2 110 ta), ulardan 2 310 tasi (93 foiz) huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan, 168 tasi esa (7 foiz) oʻtkazilmasdan Reglamentga muvofiq qaytarilgan.
Huquqiy ekspretizadan oʻtkazilgan loyihalarning 1 587 tasiga (64 foizi) ijobiy, 723 tasiga (36 foizi) maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosa berilgan;
–taqdim etilgan 504 ta idoraviy hujjatning 40 foizi qonun hujjatlari talablariga zidligi tufayli davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etilgan;
– davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan normativ-huquqiy tusga ega boʻlgan hujjatlarni ijroga yuborish holatlari boʻyicha vazirlik va idoralarga 28 ta taqdimnoma kiritilib, bugungi kunda jami 24 ta noqonuniy hujjatlar bekor qildirilgan.
Bunga sabablar!
birinchidan, loyihalarda koʻtarilgan muammolar, chuqur tahlil qilinmayapti va taklif etilayotgan yangi mexanizmlarni huquqni qoʻllash amaliyotiga taʼsiri baholanmayapti. Xorijiy tajriba yetarlicha oʻrganilmayapti;
(“Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarning yangi tahrirdagi loyihalari (Davlat aktivlarini boshqarish agentligi)
ikkinchidan, sohani tartibga soluvchi hujjat boʻla turib, aynan shu masalada yangi hujjatlar ishlab chiqilyapti;
(Vazirlar Mahkamasining “Sugʻurta sohasida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi (Moliya vazirligi)
uchinchidan, vazirlik va idoralar oʻzlarining vakolat doirasida hal qiladigan masalalar boʻyicha ham hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishmoqda.
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga moʻljallangan Strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasi (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi);
toʻrtinchidan, davlat organlari tomonidan loyihalarni iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy va boshqa turdagi ekspertizalarini oʻtkazishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilmoqda.
(Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish jarayonlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalangan holda yanada takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi (Moliya vazirligi)
Bu kabi kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslik uchun vazirlik va idoralar tomonidan yuqoridagi kabi holatlarga yoʻl qoʻyilayotganligi bu yoʻnalishdagi faoliyat boʻyicha yuridik xizmat sifati va samaradorligining yanada oshirilishi, tashkilot rahbarlari tomonidan qatʼiy nazorat choralarining kuchaytirilishi kerak.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining norma ijodkorligi.
1) Hududiy adliya organlari tomonidan 177 ta qarorlar huquqiy ekspertizadan oʻtkazilmasdan qabul qilinganligi sababli bekor qilingan.
2) Hokim qarorlarida amaldagi qonun hujjatlari normalariga zid qoidalar oʻrnatilgan.
(Yakkabogʻ tumani hokimining 2019-yil 8-iyuldagi 84-f-son farmoyishi bilan mehnat qonunchiligiga zid ravishda fermer xoʻjaliklari rahbarlari har kuni soat 6 va 12:00 da gʻoʻza parvarishiga oid seminar oʻtkazilishi shartligi belgilangan).
3) Hokimliklar tomonidan ularning faoliyati va qarorlarni qabul qilish jarayonlarining ochiqligi taʼminlanmayapti natijada fuqarolar qabul qilinayotgan hujjatlardan byehabar qolib ketishmoqda.
Misollar:
joriy yilning 16-dekabr holatiga Surxondaryo viloyati hokimligi, Andijon, Olot, Sariosiyo, Termiz, Shoʻrchi, Uzun tuman hokimliklarining rasmiy veb-sayti ishlamayapti;
Toshkent shahar hokimligining barcha tumanlarida rasmiy veb-sayt mavjud emas;
Qoraoʻzak, Oʻrtachirchiq, Uchkoʻprik, Jomboy, Payariq, Kattaqoʻrgʻon, Oqdaryo, Paxtakor, Zafarobod, Yangiobod, Mirzachoʻl, Qoʻshkoʻpir, Uchquduq, Konimex, Chortoq tumanlari va Zarafshon shahar hokimlarining yer ajratish toʻgʻrisidagi qarorlari ularning rasmiy veb-saytiga qoʻyilmagan.
Qonunchilikni tizimlashtirish sohasi
– Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan 500 taga yaqin hujjatlar bekor qilindi. Yana 2 mingdan ortigʻini bekor qilish boʻyicha takliflar Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
– qonunchilikni tizimlashtirish maqsadida Tegishli sohalarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni yaxlit qonunga birlashtirish boʻyicha dastur hamda “Yoʻl xaritasi” loyihalari ishlab chiqildi.
(Maʼlumot uchun: Dastur loyihasiga asosan 30 dan ortiq sohalarni tartibga soluvchi 190 ta qonunchilik hujjatlarini yaxlit qonunlarga birlashtirish nazarda tutilgan).
Huquqni qoʻllash amaliyoti
Shu yil vazirlik tomonidan 20 ta sohada xuquqni qoʻllash amaliyoti oʻrganildi, natijasiga koʻra 21 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari (shundan 8 tasi qabul qilindi) Hukumatga kiritildi.
1. Yer qonunchiligi sohasida:
Muammolar:
– mutasaddi idoralar tomonidan tizimga faqat eng chekka va zarur infratuzilmaga ega boʻlmagan yerlar nomigagina hamda rasmiyatchilik uchun kiritilib kelinmoqda.
(Masalan, yer uchastkalarini auksionga chiqarish tartibi joyiga chiqqan holda oʻrganilganda, Olmaliq shahar va Piskent tuman (Toshkent viloyati), Margʻilon shahar va Rishton, Yozyovon, Buvayda, Fargʻona, Beshariq tumanlari (Fargʻona viloyati) hamda Navoiy shahar va Qiziltepa tumanida (Navoiy viloyati) jozibador va talab yuqori boʻlgan yer uchastkalari hokimlar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri ajratilgan).
– yerga boʻlgan huquqlarni taʼminlash bir chetda tursin, yerdan foydalanuvchilarga amalda yetkazilgan zararlar ham qoplanmayapti.
(hokimliklar tomonidan qabul qilingan 27 mingdan ortiq (2019-yilda 22,5 mingta, 2020-yil 6 oyida 5 mingga yaqin) yer uchastkalarini ajratish toʻgʻrisidagi qarorlarning 25 mingdan ortigʻida (93 %) yerdan oldingi foydalanuvchilarning koʻrgan zararlari va boy berilgan foydasi oʻrnini qoplab berish nazarda tutilmagan).
– sugʻoriladigan ekin yerlarini qishloq xoʻjaligidan boshqa maqsadlarda berish holatlari uchramoqda.
(Maʼlumot uchun: 67 gektardan ortiq sugʻoriladigan ekin yerlari boshqa maqsadlarda ajratilganligi aniqlandi. Bular faqat tanlov asosida oʻrganilganda aniqlaganlar. Namanganda 54,2 ga, Andijonda 8 ga, Xorazmda 2,2 ga, Samarqandda 2 ga hamda Jizzaxda 1,2 gani tashkil etadi).
– yerlarni ajratib berishning amaldagi tartibi shaffof emas (fermer xoʻjaliklariga yerlar 18 yil avval qabul qilingan Nizom boʻyicha 7 bosqichli anʼanaviy usulda oʻtkaziladigan tanlov asosida ajratilmoqda), dehqon xoʻjalikka esa toʻgʻridan toʻgʻri berish mumkin;
– hududlarda majburiy tarzda arizalarni yozdirish orqali ijara shartnomalarini “ixtiyoriy” bekor qilish amaliyoti keng tarqalgan.
Tanzila Kamalovna!
Qishloq xoʻjaligi sohasi investitsiya obyektiga aylanishi kerak. Buning uchun yerga boʻlgan huquqlar barqaror boʻlishi kerak. Shundagina oʻzimizni fuqarolar ham investitsiya kiritadi, tuproq va hosil unumdorligi oshishiga harakat qiladi.
Yerni olib qoʻyish juda qattiq byurokratik jarayon boʻlishi kerak. Trespass – AQSHda bekorga rivojlanmagan.
Qishloq xoʻjaligi koʻp yillar davomida koʻplar salbiy holatlar manbai boʻlib kelgan: majburiy mehnat ham boʻlgan, barcha davlat organlarini ham paxtaga jalb qilish boʻlgan, fermerlarni huquqini poymol qilish ham, yerlarni talon taroj qilish ham. Mana endi yangi munosabatlar shakllanyapti, klasterlar, kooperatsiyalar. Endi ularni ham huquqiy yagona va aniq tartibga solish kerak. Fikrimizcha shartnoma buning eng maqbul mexanizmidir.
Shu munosabat bilan quyidagilarni taklif etish mumkin:
– hokimlarning yer uchastkalarini ajratish boʻyicha qarorlar qabul qilish institutini bekor qilish.
– yer uchastkalarini toifasiga qarab tadbirkorlar va fuqarolarga elektron onlayn-auksion, tanlov, eng yaxshi taklifni tanlash orqali (yirik investitsiya loyihasi boʻyicha) hamda davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida ajratish.
– yer qonunchiligini buzganlik uchun birinchi navbatda iqtisodiy hamda maʼmuriy choralar qoʻllash;
– yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni tugatishning asoslarini keskin kamaytirish kerak.
2. Farmatsevtika sohasida.
Muammolar:
– mamlakatimizdagi boy dorivor oʻsimliklar fondi potensialidan unumli foydalanilmayapti.
Xalqaro tibbiyot amaliyotida foydalanilayotgan 350 turdagi dorivor oʻsimliklardan 71 tasi (20%) respublikamizda yetishtirish imkoniyati mavjud boʻlsada, ulardan atigi 10 tasini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
Shu bois, dorivor oʻsimliklarni ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarimizni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Prezidentimizning Farmoni (PF–6044, 24.08.2020 y.) bilan ushbu faoliyat uchun litsenziyalar bekor qilindi. Bu albatta dastlabki qadam. Kelgusida mutasaddi idoralar ushbu masalaga alohida eʼtibor bilan yondashadi deb umid qilamiz.
– aksariyat viloyatlardagi ijtimoiy dorixonalar zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan toʻliq hajmda taʼminlanmagan.
Surxondaryo, Toshkent, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarida joylashgan ijtimoiy dorixonalaridan aksariyat kerakli dorilarni topib boʻlmaydi.
Ayrim hududlarda (Toshkent va Surxondaryo viloyatlari) ijtimoiy dorilar qimmat va har xil narxlarda sotilmoqda.
– antibiotiklar isteʼmol qilish hajmlari ortib ketmoqda.
(Misol uchun, 2018-yildan 2020-yilning 1 yarim yilligi mobaynida 230 mln. AQSH dollarlik 300 mln. donaga yaqin antibiotiklar import qilingan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining AWaRe indeksida Oʻzbekiston antibiotik isteʼmoli umumiy 50-60%ni tashkil etuvchi 20 ta davlatlar qatoriga kirgan. Mazkur holatning oʻz vaqtida nazoratga olinmasligi kelgusida uning salbiy oqibatlari bilan kurashishga majbur qiladi).
Takliflar:
– Oʻzbekistonda mavjud dorivor oʻsimliklardan dori vositalarini ishlab chiqarishda foydalanishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish. Bunda, dorivor oʻsimliklardan foydalanish boʻyicha ilmiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, dorivor oʻsimliklar boʻyicha ilmiy loyihalarni sanoatga yoʻnaltirish;
– ijtimoiy dorixonalar faoliyati ustidan samarali nazorat mexanizmlarini joriy qilish;
– antibiotik dori vositalari isteʼmolini tartibga solish maqsadida yagona davlat siyosatini hamda milliy strategiyani ishlab chiqish.
3. Maʼmuriy amaliyot sohasida:
Davlat organlari tomonidan qoʻllanilayotgan jarimalar keng jamoatchilikda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Shu munosabat bilan, davlat organlarning maʼmuriy ishlarini oʻrganish amaliyotini yoʻlga qoʻydik.
Xususan, 31 ta maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish vakolatiga ega organlarning 12 tasi tomonidan 2019-yilda koʻrib chiqilgan jami 30 mingdan ortiq maʼmuriy amaliyotga doir hujjatlar koʻrib chiqildi.
Muammolar:
– jarima solish toʻgʻrisidagi qarorlar notoʻgʻri malakalangan holda qabul qilingan.
(Maʼlumot uchun: Davlat sanitariya nazorat organlari tomonidan Xorazm viloyatida 106 ta, Sirdaryoda 9 ta, Andijonda 8 ta, takrorlangan).
– tadbirkorlarga jarimalar faqat sud orqali qoʻllanilishi belgilangan boʻlsada, ularga toʻgʻridan-toʻgʻri maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilmoqda.
Maʼlumot uchun: jami 300ga yaqin holatda tadbirkorlik subyektlariga nisbatan 285,1 mln. soʻmlik maʼmuriy jarimalar toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanilgan.
– maʼmuriy jarimalar sanksiya doirasida qoʻllanilmagan.
Maʼlumot uchun: davlat sanitariya nazorati organlarida 423 ta, davlat mehnat inspeksiyasi organlarida 96 ta va agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlarida 13 tani tashkil etadi.
Qayd etilgan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan adliya organlari tomonidan vakolatli tashkilotlarga 158 ta taqdimnoma, 16 ta ogohnoma, 3 ta maʼmuriy taklif, jami 177 ta taʼsir choralari kiritildi.
– ushbu organlarning deyarli barchasi maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitni bartaraf etish choralarini koʻrmagan.
4. Davlat-xususiy sheriklik sohasida:
Muammolar:
Davlat-xususiy sheriklik loyihalari tender oʻtkazilmasdan berilmoqda va bu sohada yagona amaliyot mavjud emas.
Ijtimoiy sohalarda loyihalar idoraviy yondashuv asosida berilayapti. Natijada, sohadagi huquqiy barqarorlik va qonuniylik izdan chiqmoqda.
(Misol uchun, sohada yagona Qonun va tartib (VMQ–259, 26.04.2020-y.) boʻlishiga qaramasdan taʼlim, sport, sogʻliqni saqlash, qurilish kabi sohalardagi DXSH loyihalarini tartibga soluvchi 6 ta sohaviy qonun osti hujjatlaridan foydalanilmoqda).
Taklif:Respublikaning barcha hududlarida ushbu sohada yagona huquqni qoʻllash amaliyotini joriy qilish.
5. Shartnomaviy munosabatlar sohasida:
Muammolar:
– shartnomalar tuzishda yoki shartnoma shartlarini erkin belgilashda qonunchilikda bir qator cheklovlar oʻrnatilgan (1996-yildan boshlab mahsulot yetkazib berish boʻyicha barter shartnomasini tuzish taqiqlangan).
(Bu esa, hozirgi pandemiya davrida tadbirkorlarning pul mablagʻlari yetarli boʻlmaganda tovarlarni ayirboshlash orqali ularni realizatsiya qilishga toʻsqinlik qilmoqda.
Xorijiy mamlakatlarda barter shartnomalarini tuzish keng qoʻllanilayotgan boʻlib, hozirgi pandemiya sharoitida tadbirkorlar tomonidan oʻz biznesini saqlab qolishida va tovar aylanishini oshirishda ijobiy rol oʻynamoqda);
– Tijorat banklariga yetkazib berilgan mahsulot uchun toʻlovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishda ham cheklovlar mavjud;
– Chet ellik tadbirkorlar bilan masofadan turib elektron tartibda shartnomalar tuzish boʻyicha hozirgi kunga qadar huquqiy asoslar yaratilmagan;
– Tadbirkorlar tomonidan mahsulotlar sotish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha namunaviy shartnomalar loyihalarini ochiq ravishda bepul olish imkoniyati mavjud emas.
(Xorijiy mamlakatlarda Internet tarmoqlarda maxsus saytlar yaratilgan boʻlib, ushbu saytlarda shartnomalarning namunaviy shakllari joylashtirilib boriladi).
Takliflar:
– barter shartnomasini tuzish boʻyicha taqiqlarni olib tashlash.
– yetkazib berilgan mahsulot uchun toʻlovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilish amaliyotini joriy etish.
– masofadan turib elektron tartibda shartnomalar tuzish amaliyotini joriy etish.
– mahsulotlar sotish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha namunaviy shartnomalar loyihalarini ishlab chiqish va maxsus saytga joylashtirish.
Yakuniy xulosa:
Afsuski hozirgi kunda tepadan quyi pogʻonagacha boʻlgan davlat xizmatchilarining funksional vazifalari va amalda bajarayotgan ishlari bir biriga toʻgʻri kelmaydi.
Shuning uchun Qonunni nafaqat aholiga, balki davlat xizmatchilariga ayniqsa davlat boshqaruvining eng quyi boʻgʻinlardagi huquqni qoʻllovchilariga toʻgʻirlab tushuntirish kerak. Bunda faqatgina oʻqish tashkil etish yoʻli bilan cheklanmasdan, har bir qonun doirasida barcha darajadagi davlat xizmatchisining aniq funksional vazifalarini belgilab berish kerak.
Xulosa oʻrnida aytish lozimki, bajarishimiz kerak boʻlgan ishlarimiz koʻp!
Shuning uchun yuqoridagi qilingan ishlar bilan cheklanib qolmasdan, ushbu sohani yanada takomillashtirish uchun bor kuch-gʻayratimizni ishga solishimiz zarur. Buni zamonning oʻzi talab qilyapti!
Eʼtiborigiz uchun rahmat!
