Adliya organlari va muassasalarida xodimlarni ishga qabul qilish tartibi
ADLIYA ORGANLARI VA MUASSASALARIDA XODIMLARNI
ISHGA QABUL QILISH TARTIBI
Ishga qabul qilish “Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2020-yil 24-martdagi “Adliya organlari va muassasalarida kadrlar siyosatini belgilash va kadrlar bilan ishlash sohasiga oid hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi 68-um-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Adliya organlari va muassasalarida HR-menejment tizimi toʻgʻrisida”gi NIZOM bilan tartibga solinadi.
Xodimlarni ishga qabul qilish, ularni joy-joyiga qoʻyishning umumiy talablari.
Adliya organlari va muassasalariga jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqei, dinga boʻlgan munosabati, eʼtiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligidan qatʼi nazar, oʻzining kasbiy, ishchanlik, shaxsiy va axloqiy fazilatlari, maʼlumoti darajasi va sogʻligʻiga koʻra adliya organlari va muassasalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishga qodir boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari yoki qonunchilik hujjatlari bilan oʻrnatilgan tartibda xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar qabul qilinadi.
Qonunchilik hujjatlarida lavozimlarning ayrim toifalariga tayinlash uchun qoʻshimcha talablar belgilanishi mumkin.
Ishga qabul qilingan xodim tomonidan ishga kirish jarayonida bila turib soxta hujjatlar yoxud yolgʻon maʼlumotlar taqdim etilganligi aniqlangan hollarda ushbu xodimni harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkaziladi hamda huquqiy baho berish uchun toʻplangan hujjatlar vakolatli organga yuboriladi.
Tanlov oʻtkazish va unda ishtirok etish tartibi
Adliya organlari va muassasalariga xodimlarni ishga qabul qilish ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi.
Tanlov quyidagi bosqichlardan iborat:
- Nomzodlarni dastlabki oʻrganish;
- Test sinovi;
- Suhbat.
Boʻsh (vakant) lavozimlarga tanlov oʻtkazish haqidagi eʼlon vacancy.adliya.uz veb-saytiga joylashtiriladi.
Adliya organlari va muassasalariga xodimlarni ishga qabul qilishga oid tanlov jarayonlari “MinJust HR” avtomatlashtirilgan tizimi (keyingi oʻrinlarda – Tizim) orqali amalga oshiriladi.
“MinJust HR” avtomatlashtirilgan tizimi – adliya organlari va muassasalardagi mehnat munosabatlariga oid maʼlumotlarni yigʻish, saqlash va qayta ishlash hamda kadrlar sohasidagi ish yuritish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish, ushbu sohaga aloqador davlat organlari va tashkilotlari bilan axborot hamkorligining barcha turlarini taʼminlash uchun moʻljallangan axborot tizimi.
Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nomzod Adliya vazirligining www.vacancy.adliya.uz sayti orqali roʻyxatdan oʻtib, shaxsiy kabineti orqali quyidagilarni Tizimga biriktirishi lozim:
– shaxsiy varaqasi (maʼlumotnoma-obyektivka),
– diplom (diplomdan koʻchirma)ning nusxasi, chet elda oʻqigan boʻlsa, diplomi tan olish va nostrifikatsiyadan oʻtganligini tasdiqlovchi guvohnoma, oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarining bitiruvchi kurslarida taʼlim olayotganlar bundan mustasno;
– 3x4 sm oʻlchamdagi rangli fotosurati;
– fuqarolik pasporti yoki identifikatsiya ID kartasi nusxasi.
Nomzod boʻsh (vakant) lavozimlarga tanlov oʻtkazish haqidagi eʼlonda koʻrsatilgan lavozimlarning faqat bittasini tanlashi va tanlangan lavozim boʻyicha tanlovda ishtirok etish mumkin. Nomzod bir vaqtning oʻzida boshqa eʼlonda koʻrsatilgan lavozim boʻyicha tanlovda ishtirok etish uchun hujjat topshirishi mumkin.
Tanlov oʻtkaziladigan kun, vaqt va joy haqida nomzodga Tizim orqali uning elektron pochtasiga xabarnoma yoki telefoniga SMS xabar yuboriladi.
Nomzod ushbu Nizom qoidalarida nazarda tutilgan talablarga mos kelmaganda, ishga kirish uchun hujjatlar oʻz vaqtida toʻliq Tizimga biriktirilmaganda yoki bila turib soxta hujjatlar yoxud yolgʻon maʼlumotlar taqdim etilgan taqdirda nomzodni ishga qabul qilish rad etiladi.
Test bosqichi:
Testning bitta variantida 30 ta savol, har bir savolga 4 ta (“A”, “B”, “C”, “D”) javoblardan iborat boʻlib, Ishchi organ tomonidan davlat tilida tayyorlanadi.
Nomzodga Adliya vazirligining www.vacancy.adliya.uz saytidagi shaxsiy kabineti orqali test savollariga javob berish uchun 30 daqiqa vaqt beriladi. Har bir test savoliga faqat bitta javob belgilanishi kerak. Tanlangan lavozim boʻyicha faqat bir marotaba test sinovini topshirish mumkin. Test sinovi 30 ta test savollariga javob belgilangan vaqtda yoki “testni tugatish” tugmasi bosilganda yakunlangan hisoblanadi. Bunda nomzodlarning har bir toʻgʻri javobi uchun bir ball, notoʻgʻri yoki belgilanmagan javobga nol ball beriladi.
Test sinovi natijalariga koʻra kamida 21 ta savolga toʻgʻri javob bergan nomzodning nazariy bilimlari va kasbiy layoqatini aniqlash yuzasidan suhbatga chaqiriladi. Bu haqda nomzodga Tizim orqali elektron pochtasiga xabarnoma yoki telefoniga SMS xabar joʻnatiladi.
Test natijasi nomzodning www.vacancy.adliya.uz saytidagi shaxsiy kabinetida avtomatik aks ettiriladi.
Suhbat jarayoni:
Nomzod Tizim orqali 3 ta savolni avtomatik generatsiya yoʻli bilan tanlaydi. Tanlangan savollar Ishchi organ tomonidan chop etiladi. Savollarni qayta tanlashga, oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Suhbat natijalari boʻyicha har bir savol oʻn ballik tizimda baholanadi.
Nomzod tomonidan toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 56 foizi va undan yuqorisini toʻplaganda nomzod lavozimga tavsiya etiladi. Nomzod tomonidan toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 55 foizidan kam ball toʻplaganda komissiya aʼzolari tomonidan nomzod suhbatdan oʻtmagan deb eʼtirof etiladi.
Nomzod tomonidan toʻplangan ballar, baholash natijalari hamda komissiya xulosasi tanlov yakunlangan kuni nomzodlarga oʻqib eshittiriladi va Tizim orqali nomzodning shaxsiy kabinetiga yoki telefoniga SMS xabar yuboriladi.
Nomzodning shikoyat qilish huquqi
Tanlov natijalaridan norozi boʻlgan nomzod oʻn kun muddat ichida adliya vaziriga, shuningdek sudga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin.
