Adliya vazirligida 2025-yil uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining amal qilishi haqida umumiy hisobot
I. Tashkilotning Korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar dasturi bajarilgani toʻgʻrisida umumiy axborot
Adliya vazirligiga yuklatilgan funksiyalarni baholash natijasida aniqlangan xavf-xatarlarning oldini olish va minimallashtirish yuzasidan 2025-yil 2-mayda 46 banddan iborat Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish Dasturi, vazirlikning korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi va korrupsiya xavfi yuqori bo’lgan lavozimlar reyestri tasdiqlandi hamda Dasturda belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlandi.
Ushbu dasturda 20 ta yo’nalish bevosita vazirlik markaziy apparati tarkibiy boshqarmalari yo’nalishida, 14 tasi ichki audit yo’nalishida, 5 tasi “Adolat” muassasasi yo’nalishida, 1 tasi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi sohasida, 6 tasi korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat tomonidan monitoringlar tarzida o’rganish o’tkazish talab qilinuvchi sohalarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, dasturda belgilangan masalalar yuzasidan xavflarning oldini olish bo’yicha 4 ta yo’nalishda mavjud dasturiy ta’minotlar takomillashtirildi, 2 ta ichki idoraviy buyruq (1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi sud ekspertlari tomonidan ko‘zdan kechirish joylariga chiqqanda mobil videokamera (bodykamera)lardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida Adliya vazirining 2025-yil 15-sentyabrdagi 324-um-sonli buyrug’i: 2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida inson resurslarini boshqarishni yangi yondashuvlar asosida tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida Adliya vazirining 2025-yil 31-oktyabrdagi 406-um-sonli buyrug’i) qabul qilindi, 1 ta Prezident qarori (2025-yil 9-sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-280-son qarori), 1 ta Vazirlar Mahkamasi qarori (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Intellektual mulk sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2025 yil 10 iyuldagi 427-son qarori qabul qilindi), 1 ta texnik - dasturiy ta’minot ishlab chiqildi, sohalar kesimida 6 ta tahliliy ma’lumot tayyorlanib, xavflarning oldini olish bo’yicha aniq vazifalar belgilab olindi, 4 ta yo’nalishda mas’ul xodimlarga alohida o’quv-trening ishlari tashkil etildi, o’rganish va monitoringlar yuzasidan hududiy adliya organlariga 4 ta ko’rsatma xatlar yuborildi.
Shuningdek, Adliya vazirligi tizimida korrupsiyaviy omillarni aniqlash va bartaraf qilish hamda “korrupsiyadan holi” muhitni yaratish borasida aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha 2025-yil 28-martda Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaning 22 banddan iborat qo’shma “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Tizimda korrupsiyaviy xavf kutilishi mumkin bo’lgan sohalar kesimida o’rganish va tahlil ishlari amalga oshirildi va ushbu yo’nalishlarda qonunbuzilish holatlari yuzasidan aybdor xodimlarga nisbatan tegishli jazo choralari qo’llanilishi ta’minlandi.
II. Siyosat va tartib-taomillar
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha sohalarni tartibga soluvchi 2 ta ichki idoraviy buyruq (1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi sud ekspertlari tomonidan ko‘zdan kechirish joylariga chiqqanda mobil videokamera (bodykamera)lardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida Adliya vazirining 2025-yil 15-sentyabrdagi 324-um-sonli buyrug’i: 2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida inson resurslarini boshqarishni yangi yondashuvlar asosida tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida Adliya vazirining 2025-yil 31-oktyabrdagi 406-um-sonli buyrug’i) qabul qilindi, 1 ta Prezident qarori (2025-yil 9-sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-280-son qarori), 1 ta Vazirlar Mahkamasi qarori (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Intellektual mulk sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2025 yil 10 iyuldagi 427-son qarori qabul qilindi).
Bundan tashqari, sohalar kesimida mavjud xavf-xatarlarni bartaraf etish, raqamashtirish va aholiga xizmat ko’rsatish yo’nalishlarida qulayliklar yaratish bo’yicha:
Adliya vazirligida moliyaviy va boshqa xavflarni aniqlash, baholash va boshqarish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o’zgartirish kiritish haqida Adliya vazirining 94-um-sonli buyrug’i, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 30-sentabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarga mahalladan turib davlat xizmatlari ko‘rsatishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishni ta’minlash to‘g‘risida”gi 231-um-son buyrug‘iga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida Adliya vazirining 94-um-sonli buyrug’i, Davlat xizmatlari markazlarida xalqaro ESG standartlari asosida xizmat ko‘rsatish faoliyatini tartibga soluvchi hujjatni tasdiqlash to‘g‘risida Adliya vazirining 455-um-sonli buyrug’i qabul qilindi.
III. Xavf-xatarlarni baholash
Adliya vazirligiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan korrupsiyaviy xavf-xatarlar baholanib 435 ta korrupsiyaviy xavf xatarlar baholab chiqildi. Xavf-xatarlarni baholash 2024-yildagi ko’rsatgichlarni inobatga olib, ayrim sohalar raqamlashtirilishiga erishilishi natijasida yuqori va o’rta xavflar darajasi qisqarishiga erishildi.
Xususan, Adliya vazirligiga yuklatilgan funksiyalar bo’yicha 103 ta funksiyalardagi xavf-xatarlar qayta baholanib, 2025-yil 2-mayda Adliya vazirligining faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarning xaritasi tasdiqlandi. Baholash natijasida 4 ta yuqori va 42 ta o’rta va qolgan 381 ta funksiyalarda korrupsiya xavfi past darajadagi xavf-xatarlar aniqlandi (2024-yilda 11 ta yuqori, 61 ta o’rta darajadagi xavflar aniqlangan). Ushbu xavf-xatarlarning oldini olish bo’yicha 2025-yil 2-mayda 46 ta banddan iborat Adliya vazirligi, uning tarkibiy va hududiy tuzilmalarida korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi tasdiqlanib, ijroga qaratildi.
Xavf-xatarlarni bartaraf etish yuzasidan quyidagi ishlar amalga oshirildi.
Adliya organlari tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan qonunga xilof xatti-harakatlar ustidan shikoyat qilish uchun imkoniyatlar kengaytirildi. Jumladan,
Vazirlikning smartoffice.adliya.uz yagona elektron hujjat aylanish tizimida xodimlar uchun:
– lavozimga yangi tayinlanganda, yillik deklaratsiyani to‘ldirish vaqtida va boshqa lavozimga o‘tkazishda manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligini maʼlum qilish to‘g‘risida ariza shakli;
– manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqish ehtimoli haqida xabar berish tartibi joriy etildi.
– “Situatsion markaz” Masofaviy audit avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali aniqlangan risk-tahlillarni o‘rganish va bu orqali tizimda davlat xaridlari sohasida qonunbuzilishlarni bartaraf qilish bo‘yicha doimiy monitoring amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Huquqiy axborotni yetkazish, inson resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish hamda korrupsiyaviy omillarning oldini olish borasida adliya vaziri huzurida o‘tkazilgan 2025-yil 1-avgustdagi 1584-son yig‘ilish bayoni tasdiqlandi. Mazkur bayonga ko’ra korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida “Sharof Rashidov tuman adliya bo’limi namunasida korrupsiyadan holi hudud tajribasi”ni Respublika adliya organlarida joriy qilish vazifalari belgilab olindi.
“E-huquqshunos” elektron tizimida Yuridik xizmat ko’rsatish markazi (keyingi o’rinlarda - YXKM deyiladi) xodimlari uchun bir martalik majburiy muqaddam o‘zi ishlagan va yaqin qarindoshlari ishlaydigan tashkilotlarni belgilash orqali ushbu tashkilotlardan hujjat kelib tushishini cheklash imkoniyati yaratildi.
Shuningdek bir martalik majburiy tanlovdan so‘ng, xodim tomonidan ixtiyoriy vaqtda tanlangan tashkilotni o‘chirish va yangi tashkilot qo‘shish imkoniyati qo‘shildi.
Foydalanuvchilarning muqaddam o‘zi ishlagan va yaqin qarindoshlari ishlaydigan tashkilotlarni belgilash, o‘chirish va qo‘shish tarixi “Ta’qiqlangan tashkilotlar” bo‘limining “Arxiv” qismida saqlanishi yaratildi.
YXKMlar faoliyatida mavjud muammolar reyestri shakllantirilib, mas’ul tarkibiy boshqarma tomonidan reyestrga kiritilgan ma’lumotlarni bartaraf qilish choralari ko’rilmoqda.
“E-huquqshunos” elektron tizimi orqali kelib tushadigan hujjat loyihalarini eksterritorial tamoyil asosida viloyat kesimida teng taqsimlash imkoniyati yaratildi.
Arxiv ma’lumotnomasini olish xizmatidan foydalanish masalasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son qaroriga 2-ilova bilan tasdiqlangan Notariuslar tomonidan kompozit shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari Roʻyxatiga kiritildi.
Tuman adliya bo’limlari (DXM, YXKM, FHDY) xodimlari ish stoliga korrupsiya holatlari bo‘yicha xabar berishga mo‘ljallangan vazirlikning aloqa kanallari haqidagi ma’lumotlar joylashtirilishi ta’minlandi.
Tuman adliya bo’limlari binolaridagi kolonkalarda korrupsiya holatlari haqida xabar berishga mo‘ljallangan aloqa kanallari haqida audio shaklida qayd qilingan ovozli yozuvni kun davomida 1-2 marta takrorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, sohalarni tahlil qilish davomida 22 turdagi yangi korrupsiyaviy xavflar aniqlanib, kelgusida oldini olish yuzasidan aniq tizimli choralar belgilandi hamda elektron tizimlarda cheklovlar amalga oshirildi. (FHDY sohasida 14 ta xavf, DXM sohasida 4 ta xavf, intellektual mulkni ro’yxatga olish sohasida 2 ta, “Adolat” davlat muassasasi yo’nalishida 2 ta xavflar)
Xavflarning oldini olish yuzasidan:
Vazirlik tizimida korrupsiyaviy xavfi yuqori yo‘nalishlar va korrupsiyaga moyilligi yuqori lavozimlar ro‘yxati shakllantirildi.
Aholiga xizmat ko‘rsatish sohasida korrupsiyaviy xavf darajasi yuqori sohalar (2 ta)ning xronometraj shaklida tahlil qilinishi ta’minlandi;
DXM, FHDY, notariat sohasida shaffof xizmat ko‘rsatish ahvolini joyiga chiqqan holda 97 ta o‘rganish obyektida manzilli monitoring tadbirlari o‘tkazilishi ta’minlandi;
Adliya vazirligi tizimidagi xodimlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari 2023-2024-2025-yillar kesimida tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko’ra, 2024-yilda vazirlik tizimidagi xodimlar tomonidan jinoyat sodir etish ko‘rsatkichi 2023 yilga nisbatan 13 foizga yoki 3 taga kamayganligini ko’rsatdi. O’rganish natijasiga ko’ra, ushbu yo’nalishda asosiy xavf-xatar “O‘zarxiv” agentligi va Davlat xizmatlari markazlari hissasiga to’g’ri kelayotganligi ma’lum bo’ldi. Shuningdek, 2025-yilda adliya tizimida sodir etilgan jinoiy huquqbuzarliklar yuzasidan tahlil o’tkazilib, xavf saqlanib qolayotgan yo’nalishlar kesimida manzilli ishlash vazifalari belgilab olindi. Jumladanб “O’zarxiv” agentligi tizimida xavflarni bartaraf etish bo’yicha hududiy davlat va shaxsiy tarkib arxivlarida o’rganishlar o’tkazilishi ta’minlandi.
Profilaktik choralar:
Korrupsiyaviy jinoyatchilikning oldini olish, odob-ahloq talablarini xodimlarga singdirish yuzasidan:
– vazirlik markaziy apparati, xududiy adliya organlari va muassasalari rahbarlari va xodimlari bilan 5 marta vazirlik rahbariyati ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, tegishli mas’ullarga vazifalar belgilab berilishi ta’minlandi;
– huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda sohada korrupsiyaviy jinoyatchilikning oldini olish bo’yicha joylarda 20 dan ortiq profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Shuningdek, xavflarni aniqlash va oldini olish bo‘yicha:
1. Sohalar kesimida so‘rovnomalar o’tkazildi, jumladan,
– adliya tizimiga nisbatan jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha;
– Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan davlat tashkilotlariga yuridik yordam ko‘rsatish faoliyatida;
– notariat sohasida;
– davlat organlari va tashkilotlarida adliya organlari tomonidan o‘tkazilayotgan tekshirishlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlashga qaratilgan so‘rovnomalar o‘tkazib, tahlil qilinishini ta’minladi.
2. Xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida nazorat tadbirlarini (“sirli mijoz” va “reyd”) doimiy yo‘lga qo‘yish tashkillashtirilib, nazoratga olindi.
(Ma’lumot uchun: Hududiy adliya organlari tomonidan nazorat sohasiga kiruvchi yo‘nalishdagi xodimlar faoliyatida 2025 yilning 11 oyi davomida jami 410 ta “sirli mijoz” tarzida nazorat tadbirlari o‘tkazilishi ta’minlandi. Jumladan,
DXMlarda 221 marta, FHDY organlarida 195 marta, YuXKMlarda 50 marta, tuman (shahar) adliya bo‘limlarida 16 marta.
– Xodimlarning fuqarolar bilan muloqotda korrupsiyaviy xavfga kirishmasligini ta’minlash maqsadida tuman adliya bo‘limlaridagi 2956 ta kuzatuv kameralari qayta o‘rnatib chiqilishi ta’minlandi.
– Vazirlikka kelib tushgan shikoyatlarni tahlil qilish natijasiga ko‘ra, “Adliya organlari va muassasalari xodimlarining korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirishga qaratilgan uchrashuvlarni tashkil etish bo‘yicha “Taqsimot reja”si ishlab chiqildi.
IV. Amalga oshiriladigan korrupsiyaga qarshi kurashish tartib-taomillar
Manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish
Adliya vazirligi tizimidagi va hududiy adliya organlarida boshqaruv xodimlari tomonidan to’ldirilgan deklaratsiyalar bo’yicha xodimlarning yaqin qarindoshlari bevosita bo‘ysunuvida yoki nazorat yo‘nalishida ishlayotganlik holatlari tahlil qilindi.
Shuningdek, mazkur yo’nalishda birining boshqasiga bevosita bo‘ysunishi bilan bog‘liq cheklov tatbiq etilmaydigan xodimlar bo‘yicha o’rganish o’tkazildi.
O’tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, lavozimlar birining ikkinchisiga bevosita bo‘ysunadigan yoki uning nazorati ostidagi lavozimlar hisoblanmasada, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi hisoblanishi mumkinligi jihatidan o’rganildi.
Ushbu holatlar yuzasidan kelgusida ish yurituvida ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi vaziyatining oldini olish yuzasidan Qonun talablari doirasida tegishli choralar ko‘rilishi belgilab olindi.
2025-yil 2-choragida Jizzax, Samarqand, Toshkent, Xorazm viloyati adliya boshqarmalari tizimida Yuridik xizmat ko’rsatish markazlari xodimlari tomonidan manfaatlar to’qnashuvi holatlariga yo’l qo’yilmasligi yuzasidan tekshirishlar o’tkazildi. O’rganilgan holatlar bo’yicha qonunbuzilishiga yo’l qo’ygan xodimlarga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo’llanilishi ta’minlandi.
Shuningdek, vazirlik tizimida faoliyat yurituvchi xodimlarning yaqin qarindoshlari o’rtasida nepotizm holatlari tahlil qilindi va natijasi yuzasidan tartibga solish ishlari amalga oshirilmoqda.
Vazirlik markaziy apparati, shuningdek hududiy adliya organlari odob-axloq komissiyalari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha qabul qilingan qarorlari (6 ta)ning xolisligi va maqbulligi tekshirildi.
Vazirlik markaziy apparatining 368 nafar xodimlari tomonidan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun talablari bo‘yicha to‘ldirilgan deklaratsiyalar (adliya organlari va muassasalari bilan bog’liqlik nuqtai-nazaridan) tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko’ra,
1. 26 nafar xodimda mavjud ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi holatlarining (birining boshqasiga bevosita bo’ysunuvi bo’lmasa-da, ish jarayonida to’qnash kelishi mumkin bo’lgan vaziyatlar nuqta’i-nazaridan) Odob-ahloq komissiyasi qarori (2025-yil 25-mart 5-son bayonnoma)ga ko‘ra tartibga solinishi ta’minlandi.
2. Hududiy adliya organlari va muassasalari xodimlari kesimida 69 ta holat (xodimlarning tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etish holatlari) bartaraf etilib, Qonun talablariga muvofiqlashtirilishi ta’minlandi.
Korrupsiyaga qarshi qoidalarni Tashkilot shartnomalariga kiritish
2025-yil davomida Adliya vazirligi tomonidan 299 ta xoʻjalik shartnomalari tuzilib, ushbu shartnomalarda korrupsiyaga qarshi qoidalar to’liq kiritilishi ta’minlangan.
Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilgan xaridlar bo’yicha xarid ishtirokchilari tekshirilgan.
Ishga nomzodlarni tekshirish
Adliya organlari va muassasalarida HR-menejment tizimi to‘g‘risidagi nizom (keyingi o’rinlarda – Nizom deyiladi)ga ko‘ra, Inson resurslari boshqarmasi Adliya vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi bilan birgalikda hr.adliya.uz tizimi orqali kelib tushgan nomzodlarni kompleks tekshirish bo‘yicha xulosalarni nazorat tartibida tekshirishi belgilangan bo‘lib, Nizomga ko‘ra, tanlov bosqichlari bo‘yicha ro‘yxatga olingan nomzodlar tegishli mezonlar asosida kompleks tekshirishdan o‘tkaziladi. Kompleks tekshirishdan o‘tkazish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash yuzasidan hisobot davrida 228 ta boshqaruv xodimlari o’rganib chiqildi.
Shuningdek, Nizom asosida hududiy adliya organlari va muassasalariga ishga qabul qilinayotgan, rotatsiya qilinayotgan, lavozimi ko’tarilayotgan har bir xodim bo’yicha kompleks tekshirish amaliyoti joriy qilingan.
Shu bilan birga, Adliya vazirligida 2025-yil davomida rahbar lavozimlarga tayinlangan (rotatsiya qilingan) 40 ta rahbar kadrlar tomonidan deklaratsiya to’ldirilishi va hujjatlari kompleks o’rganilishi ta’minlangan.
V. Taʼlim va kommunikatsiya
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyundagi “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–228-son qarorining 9-bandi hamda mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” (keyingi o‘rinlarda – Virtual akademiya) elektron platformasining samarali faoliyatini ta’minlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning 14-bandi ijrosi yuzasidan Virtual akademiyada hududiy adliya organlarining 2 295 nafar va adliya muassasalaridagi 148 nafar xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida malakasi oshirilib, malaka sertifikatlari olinishi ta’minlandi.
Shuningdek, hududiy adliya organlari hamda 3 ta tarkibiy tuzilmalarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha bosh maslahatchi lavozimlariga yangi tayinlangan 12 nafar xodimlarning platforma orqali chuqurlashtirilgan o‘quv dasturlari asosidagi maxsus kurslar bo‘yicha malakasi oshirildi.
Shu bilan birga, hududiy adliya organlari va muassasalarida ishga qabul qilingan 63 nafar yangi xodimlarning 3 oy ichida Virtual akademiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida malakasi oshirilishi ta’minlandi.
O‘z navbatida, adliya organlari va muassasalariga yangi ishga qabul qilingan davlat xizmatchilarining ishga qabul qilinganidan so‘ng belgilangan tartibda uch oy ichida o‘quv kursidan o‘tishi doimiy ta’minlab borilishi belgilab olingan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi 171-son Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qaroriga asosan “Raqamli institut” elektron platformasi yaratilgan. Mazkur platformada tegishli qarorga asosan adliya organlari va muassasalari xodimlari kredit-modul tizimi asosida uzluksiz malakasini oshirib borish amaliyoti joriy etilgan. Mazkur kredit-modul tizimida adliya organlari va muassasalari xodimlarining Adliya vazirligining vazifalari va ichki siyosati hamda tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati bo‘yicha nazariy bilimlar berish imkoniyatlari joriy etilgan.
Bugungi kunda, “Raqamli institut” elektron platformasida 6 077 ta adliya tizimi xodimlari malaka oshirishi ta’minlangan.
Bundan, Markaziy apparatda 298 nafar, hududiy adliya organlari va muassasalarida 5 779 nafar boshqaruv xodimlari malaka oshirishi ta’minlangan.
Shuningdek, belgilanagn muddati bo’yicha malaka oshirishi lozim bo’lgan xodimlar platforma orqali malaka oshirishi ta’minlab kelinmoqda.
O‘quv kurslarining vazifalariga adliya tizimida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha talablar hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tizimi bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berish kiritilgan.
Ushbu kursda xodimlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosati, xodimlar kasbiy odob-ahloqining normalari va qoidalari, adliya tizimida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha talablar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tizimi, korrupsiya tushunchasi, turlari, sabablari va ijtimoiy xavfliligi, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosati asosiy yo‘nalishlarining mazmun-mohiyati, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar uchun javobgarlik masalalari bo’yicha bilim va ko’nikmalari oshiriladi hamda o’qitish yakunlari yuzasidan test olinishi joriy qilingan.
Joriy yil davomida vazirlik tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarlik, shu jumladan korrupsiya qarshi kurashish boʻyicha mingdan ortiq huquqiy targʻibot tadbirlari tashkil qilindi.
VI. Korrupsiyaviy xatti-xarakatlar va huquqbuzarliklar toʻrisidagi xabarlar
O’zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2020-yil 24-fevraldagi 43-um-son buyrugʻi bilan O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining korrupsiyaga oid harakatlar toʻgʻrisida axborot berish uchun aloqa kanallari orqali kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va qayta ishlash reglamenti tasdiqlangan.
Vazirlik tizimi xodimlari tomonidan yo’l qo’yilgan korrupsiyaviy xatti-harakatlar ustidan xabar berish uchun aloqa kanallari (@antikorbot, vazirlikning rasmiy veb sayti, Ishonch telefoni, facebook ijtimoiy tarmog’idagi sahifa, elektron pochta manzili (info@adliya.uz) ishga tushirilgan.
Kelib tushgan xabarlar va murojaatlar yuqoridagi reglament talablari, vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha ichki idoraviy hujjatlar talablari hamda O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablari doirasida ko’rib chiqiladi.
2025-yil davomida vazirlikka xodimlarning korrupsiyaviy xatti-harakatlari ustidan xabar berish bo’yicha aloqa kanallari (telegram messenjeridagi aloqa kanali va ishonch telefoni) orqali turli mazmunda 112 ta xabar kelib tushgan.
Kelib tushgan xabarlar hududlar kesimida Surxondaryo – 13, Samarqand – 9, Buxoro – 3, Toshkent shahar – 15, Toshkent viloyati – 15, Farg’ona – 10, Qoraqalpog’iston Respublikasi – 6, Andijon – 6, Jizzax – 5, Xorazm -7, Sirdaryo – 5, Namangan – 6, Navoiy – 9, Qashqadaryo – 3 viloyatlariga to’g’ri kelgan.
Ushbu xabarlarni o’rganish natijasida aksariyat xabarlar korrupsiya faktlariga doir ekanligi aniqlanmagan. O’rganilgan xabarlar bo’yicha qonunbuzilish holatlari yuzasidan 2 nafar xodimga nisbatan “xayfsan” intizomiy jazo chorasi qo’llanilgan, 2 nafar xodimning shaxsiy ustamasi pasaytirilgan, 2 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Shu bilan birga, xabarlarni o’rganish natijasida 2 ta holat yuzasidan huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.
Xabarlarni ko’rib chiqish va tezkor qayta aloqa jarayoni yo’lga qo’yilib, xavfi mavjud sohalarda oldindan bartaraf etish choralari ko’rib borilmoqda.
VII. Monitoring va nazorat
– Adliya vazirligi tizimidagi soha yo‘nalishlarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi muammolar yuzasidan 21 ta tahliliy maʼlumotlar tayyorlandi.
– 2025-yil davomida 7 ta hududiy adliya boshqarmasi tizimida (QR Adliya vazirligi, Surxondaryo, Andijon, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Xorazmda “komplaens nazorat” tekshiruvlari hamda 2 ta hududda - Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi va QR Adliya vazirligida rejadan tashqari tekshirish, shuningdek 1 ta muassasada - TDYUda “komplaens nazorat” tekshiruvi o‘tkazilib, 57 ta tuman (shahar) adliya bo‘limlari faoliyati tanlov asosida o‘rganildi.
(QR Adliya vazirligi – 6 ta (Amudaryo, Ellikqal’a, Nukus, Taxiatosh, Xo‘jayli, Nukus sh.), Surxondaryo – 7 ta (Sherobod, Denov, Termiz, Angor, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Termiz sh.), Andijon - 6 ta (Shahrixon, Buloqboshi, Xo‘jobod, Marhamat, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa); Toshkent - 10 ta (Bekobod, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq, Parkent, Qibray, Zangiota, Toshkent, Nurafshon, Ohangaron, Yangiyo‘l), Samarqand – 8 ta (Urgut, Toyloq, Samarqand, Ishtixon, Jomboy, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Samarqand sh.), Xorazm – 6 ta (Xiva, Urganch shahar, Xiva, Qo‘shko‘pir, Urganch, Hazorasp tumanlari), Jizzax – 5 ta (Jizzax shahar, Baxmal, G‘allaorol, Jizzax, Sh.Rashidov tumanlari).
Vazirlik markaziy apparatida 11 marotaba (18 nafar xodimga nisbatan) xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.
Hududiy adliya boshqarmalari tizimida xodimlar xatti-harakatlariga nisbatan 132 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi ta’minlandi: Farg’ona 16 ta, Andijon 18 ta, Buxoro 5 ta, Jizzax 5 ta, Namangan 8 ta, Navoiy 5 ta, Kashkadaryo 5 ta, Qorakalpog‘iston Respublikasi 13 ta, Toshkent viloyati 25 ta, Samarkand 12 ta, Surxondaryo 12 ta, Xorazm 6 ta, Toshkent shahar 5 ta.
VIII. Aniqlangan qoidabuzarliklar va ularga taʼsir choralari
Tizimda sohalar kesimida o’tkazilgan tekshirishlar natijasida Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va boshqa ichki idoraviy hujjatlari talablarini buzgan xodimlarga nisbatan hududiy adliya organlari va muassasalari, markaziy apparatda xodimlarga nisbatan quyidagi jazo choralari qo’llanildi:
– 13 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi;
– 3 nafar xodim egallab turgan lavozimidan quyi lavozimga tushirildi.
– 77 nafar xodimga nisbatan intizomiy va tegishli rag‘batlantirishni cheklash choralari qo‘llanildi.
Hududiy adliya organlari va muassasalarida vakant lavozimlarga kiritilgan 228 nafar nomzodlar yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, tegishli talablar bo‘yicha nomuvofiq nomzodlarning rad etilishi ta’minlandi;
Shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida o‘tkazilgan “sirli mijoz” tekshirishlarida 91 ta kamchilik (DXM yo‘nalishida 68 ta, FHDY yo‘nalishida 23 ta) aniqlanib, qonunbuzilish holatlariga nisbatan:
5 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi (4 ta DXM, 1 ta FHDY) bekor qilindi;
15 nafar (13 ta DXM, 2 ta FHDY) xodimga “hayfsan” intizomiy jazo qo‘llanildi;
15 nafar (13 ta DXM, 2 ta FHDY) xodimning shaxsiy ustamasi pasaytirildi.
Aniqlangan xavflarning oldini olish yuzasidan:
– tanlov jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi markaziy apparati ishga qabul qilish maxsus komissiyasi tarkibi yangilandi.
– o’tkazilgan tekshirishlar bo’yicha aniqlangan qonunbuzilishlarga kelgusida yo’l qo’ymaslik bo’yicha har bir tekshirilgan hududiy adliya organi va muassasasida chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlandi.
– xavflarning oldini olish va profilaktik tadbirlar yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda hududlarda yig’ilishlar o’tkazilib, xodimlarning ogohligi va mas’uliyatini oshirish choralari ko’rildi.
– aholi bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqot qilish yo’nalishidagi xizmat ko‘rsatish sohalarida “sirli mijoz” va “reyd” nazorat tadbirlari hamda tekshiruvlarni doimiy amalga oshirish kuchaytirildi;
– Mazkur aniqlangan kamchiliklar va kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish yuzasidan hududiy adliya boshqarmalaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo’yicha bosh maslahatchilar tomonidan doimiy monitoring va o‘rganishlar o‘tkazib borilishi belgilab berildi.
