Adliya vazirligi: Intellektual mulk himoyasini mustahkamlash uchun axborot resursi egasining shaxsiy javobgarligini kuchaytirish lozim
2023-10-11 14:25:00 / Vazirlik yangiliklari
Joriy yilning 10-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida Adliya vazirligi intellektual mulkni raqamli muhitda himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha parlamentga kiritilgan qonun loyihasini taqdim etdi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalarda ushbu taqdimot noto‘g‘ri talqin qilinib, adliya vaziri o‘rinbosari tomonidan go‘yoki “internetda intellektual mulk huquqbuzarligi buyicha javobgarlik O‘zkomnazorat zimmasida ekanligi hamda uning amaldagi rahbari Agzam Abdullayev o‘z zimmasidagi vazifalarini qoniqarli bajara olmayotgani” haqidagi yolg‘on va asossiz ma’lumotlar tarqatilmoqda.
Adliya vaziri o‘rinbosari M. Ikramov o‘z nutqida so‘nggi yillarda mamlakatimizda intellektual mulk sohasida qator muhim islohotlar amalga oshirib kelinayotgani hamda intellektual mulk muhofazasini yanada mustahkamlash uchun amaldagi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish lozimligini ta’kidladi.
Xususan, so‘nggi yillarda intellektual mulk obyektlaridan raqamli muhitda noqonuniy foydalanish holatlari ko‘payib borayotgani, vazirlik tomonidan 2022-yilda birgina mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi huquqbuzarlik holatlarining 31 % internet tarmog‘ida sodir etilgani aytildi.
Darhaqiqat, intellektual mulkka oid normalar faqat maxsus qonunlarda belgilangan bo‘lib, boshqa sohaviy qonunchilik hujjatlarida yetarlicha o‘z aksini topmagan.
Natijada ushbu sohalar vakillari hamda aholida intellektual mulkka nisbatan hurmat hissi lozim darajada shakllanmayapti va intellektual mulk huquqlarining buzilishi davom etmoqda.
Xususan, qonunchilikda veb-sayt sahifasi egasi, bloger tomonidan intellektual mulk obyektlarini internet, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda qonunga xilof tarzda foydalanish mumkin emasligi haqidagi aniq normaning axborotlashtirish sohasini tartibga soluvchi maxsus qonun hujjatlarida mavjud emasligi yuqorida qayd etilgan huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.
Vazir o‘rinbosari ta’kidlaganidek, intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasidan kelib chiqqan xolda “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga axborot resursi egasining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutadigan qo‘shimcha kiritish dolzarb hisoblanadi.
Shuningdek, M. Ikramov O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunining 12(1)-moddasiga axborot resursi egasining intellektual mulk sohasidagi shaxsiy javobgarligini oshirish nazarda tutilgan qo‘shimcha kiritish lozimligini bildirdi.
Qonun loyihasida taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimcha orqali veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa axborot resurslarida noqonuniy foydalanishning oldini olish hamda axborot-kommunikatsiya muhitida intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning samarali himoyasini ta’minlash maqsad qilinmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, vazir o‘rinbosarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida so‘zlagan nutqi bilan ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim telegram kanallarda keltirilgan ma’lumot bir biriga mos kelmaydi.
Ma’lumot uchun, yalpi majlis tafsilotlarining to‘liq video shaklini YouTube ijtimoiy tarmog‘i orqali ham kuzatishingiz mumkin.
ESLATIB O‘TAMIZ, bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish (tuhmat) ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi hamda Jinoyat kodeksining 139-moddasi).
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan alqoalar bo‘limi