Adliya vazirligi: mehr ulashing va hayotlarni saqlab qoling
2024-11-01 15:15:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugun, 1-noyabr kuni Adliya vazirligi Respublika qon quyish markazi bilan hamkorlikda “Mehr ulash” nomli donorlik qonini topshirish aksiyasini o‘tkazdi.
Aksiya aholining e’tiborini donorlikning ahamiyati va qonning inson hayotini saqlab qolishdagi hayotiy muhim roliga qaratishga mo‘ljallangan. O‘zbekistonda har yili o‘n minglab bemorlar — baxtsiz hodisalar qurbonlari, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlar yoki murakkab jarrohlik amaliyotlaridan o‘tayotgan odamlar donor qoniga muhtoj bo‘ladi.
Donor qoniga bo‘lgan talab doimiy ravishda yuqori bo‘lib, mavjud zaxiralar ko‘pincha barcha ehtiyojlarni qondirish uchun yetarli emas. Ayniqsa, kam uchraydigan qon guruhlari muammosi jiddiy bo‘lib, bu muntazam donorlikning yanada muhimligini ko‘rsatadi.
Jumladan, JSST ma’lumotlariga ko‘ra, aholining qon tarkibiy qismlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun donatsiyalar soni har 1000 aholiga kamida 10 tani yoki umumiy aholining 1 foizini tashkil etishi kerak. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 5 nafarga teng. Agar u 10 ga yetsa, qonga bo‘lgan talab 100 foiz qondiriladi. Agar bu ko‘rsatkich 50 nafarga yetkazilsa, donor qoniga bo‘lgan talabni qondirish bilan birga, mutaxassislar qon plazmasini qayta ishlash orqali albumin va immunoglobulin dori vositalarini olishlari mumkin bo‘ladi.
“Mehr ulash” aksiyasi adliya organlari tizimida 2021-yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. Bu yil unga barcha xohlovchilar — Toshkent shahri aholisi va mehmonlari ham qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Aksiya ko‘plab ishtirokchilar uchun nafaqat qon topshirish, balki jamiyat birligi va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati haqida o‘ylash imkoniyatiga aylandi. Bugungi kunning oʻzida faqat vazirlik binosida 67 nafar kishi 32 litrga yaqin qon topshirdi. Aksiya boshqa hududlarda ham oʻtkazilmoqda.
“Mehr ulash” aksiyasi nafaqat shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganlarga zarur qon zaxirasini ta’minlash, balki muammoning dolzarbligi haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan. Har bir kishi inson hayotini saqlab qolishga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin va buning uchun alohida kuch talab qilinmaydi - shunchaki kelib, qon topshirish kifoya.
Adliya vazirligi barcha befarq bo‘lmaganlarni “Mehr ulash” aksiyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi. Qon topshirish — saxovatning eng oddiy va ayni paytda eng muhim ko‘rinishlaridan biridir. Har bir donatsiya bilan donorlar jamiyatdagi boshqa odamlarning hayotiga bevosita ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu birdamlik harakati shaxsiy chegaralardan tashqariga chiqib, qiyin damlarda doimo bir-birimizga yelkadosh ekanligimizni ko‘rsatadi.
Axborot xizmati
Adliya vazirligi