Adliya vaziri Akbar Tashkulov Yerevan shahrida bo‘lib o‘tgan MDH Adliya vazirlari kengashining 20-majlisida ishtirok etdi
2026-11-10 17:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Hamdo‘stlik tashkil topganining 35 yilligiga to‘g‘ri kelgan yubiley majlisida Armaniston, Belarus, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston adliya vazirlari, Qirg‘iziston Respublikasi adliya vazirining birinchi o‘rinbosari, MDH Ijroiya qo‘mitasi vakillari hamda notariat va advokatura bo‘yicha tayanch tashkilotlar rahbarlari qatnashdi.
Majlisda Armanistonning 2026-yilda Kengashdagi raisligi yakunlari, FHDY organlari Metodik kengashini tashkil etish, adliya organlari faoliyatini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Akbar Tashkulov o‘z nutqida O‘zbekistonda adliya sohasidagi islohotlar, elektron huquqiy xizmatlar va sun’iy intellektni joriy etish tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Bundan tashqari, Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan MDH adliya vazirliklari o‘rtasida axborot almashish yagona elektron tizimi konsepsiyasi bo‘yicha "yo‘l xaritasi" doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Majlis yakunida Kengash emblemasi va "MDHga a’zo davlatlarda huquqiy ma’rifat yili – 2027" ramzlari tasdiqlandi, Kengashning 2027-yilga mo‘ljallangan tadbirlar rejasi qabul qilindi. Rejaga 2027-yil may oyida Toshkentda o‘tkaziladigan "Tashkent Law Spring" xalqaro yuridik forumi ham kiritildi.
Shuningdek, MDH ishtirokchi davlatlari adliya vazirliklarining hamkorligi to‘g‘risidagi Bitim imzolandi. Mazkur Bitim qonunchilik faoliyati, huquqiy axborot, aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohalarida hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.





