Qadrli vatandoshlar! Aziz yurtdoshlar!
2026-10-21 07:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Barchangizni 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
1989-yil 21-oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy o‘zligini anglash va mustaqillik sari intilishida tarixiy voqea bo‘ldi. Bugun esa davlat tilining nufuzini yuksaltirish Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim ma’naviy va siyosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Davlat tili davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch, milliy birlik va fuqarolik daxldorligining muhim asosidir.
Ayniqsa, huquqiy davlat barpo etish jarayonida tilning o‘rni beqiyos. Zero, qonunning kuchi har bir inson uning mazmunini anglashi, o‘z huquq va majburiyatlarini tushunishida ham namoyon bo‘ladi.
Adliya vazirligi uchun davlat tiliga e’tibor, avvalo, qonunchilik hujjatlarining sifatini oshirish, huquqiy atamalarni birxillashtirish, rasmiy ish yuritish madaniyatini yuksaltirish va fuqarolar bilan muloqotni yanada soddalashtirish demakdir.
Bizning maqsadimiz – inson o‘z huquqini bilish uchun murakkab yuridik iboralarni yechishga majbur bo‘lmaydigan, davlat idorasiga murojaat qilganda esa o‘ziga tushunarli tilda aniq va hurmatli javob oladigan huquqiy muhitni mustahkamlashdir.
Zotan, adolat faqat qarorlarda emas, insonga munosabatda, unga aytilgan so‘zda, uning dardini tinglash va tushunish madaniyatida ham namoyon bo‘ladi.
Bugun o‘zbek tilini rivojlantirish deganda, uning nafaqat adabiyot va san’atdagi, balki ilm-fan, huquq, iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar va xalqaro munosabatlardagi imkoniyatlarini kengaytirishni ham tushunamiz. Davlat tili zamon bilan hamnafas rivojlanishi, eng murakkab ilmiy va huquqiy tushunchalarni ham aniq ifodalay oladigan qudratli til bo‘lib borishi zarur.
Shu bilan birga, ona tilimizga muhabbat yurtimizda yashovchi barcha millat va elatlarning tili, madaniyati va qadriyatlariga hurmat bilan uyg‘un bo‘lishi kerak. Chunki tilga hurmat, eng avvalo, insonga hurmatdir.
Aziz yurtdoshlar!
Ona tilimizning obro‘si va kelajagi har birimizning kundalik munosabatimizga ham bog‘liq. Biz uni qanchalik to‘g‘ri, go‘zal va mas’uliyat bilan qo‘llasak, kelajak avlodga shunchalik boy ma’naviy meros qoldiramiz.
Barchangizni ushbu qutlug‘ ayyom bilan yana bir bor tabriklayman!
Ona tilimizning qadri yuksak, davlatimizning nufuzi baland, xalqimizning birligi mustahkam bo‘lsin!
