Jamoatchilik muhokamasini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi
2026-10-14 17:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Adliya vazirligida Yevropa Ittifoqining Tvining dasturi ekspertlari ishtirokida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasini tashkil etishga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlik va idoralarning norma ijodkorligi hamda jamoatchilik muhokamasini tashkil etish uchun mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda normativ-huquqiy hujjatlar sifatini oshirishda jamoatchilik fikrini o‘rganish, manfaatdor tomonlarning takliflarini inobatga olish va qarorlarning amaliy samaradorligini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Seminar davomida xalqaro ekspertlar jamoatchilik bilan samarali muloqot o‘rnatish, manfaatdor guruhlarni muhokama jarayoniga jalb qilish hamda bildirilgan takliflarni tahlil etish bo‘yicha ma’ruzalar qildi.
Shuningdek, ishtirokchilar uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, xalqaro tajribani milliy amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tadbirda jamoatchilik muhokamasini elektron platformalar bilan bir qatorda ochiq muloqotlar, davra suhbatlari va so‘rovnomalar orqali ham samarali tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Seminar-trening norma ijodkorligi jarayonining ochiqligini ta’minlash, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish hamda normativ-huquqiy hujjatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.









