O‘zbekiston va Shveysariya o'rtasida bitim imzolandi
2026-10-14 12:10:00 / Vazirlik yangiliklari
2026-yil 9-oktyabr sanasida O‘zbekiston tarafidan adliya vaziri Akbar Tashkulov hamda 2026-yil 17-sentabr sanasida Shveysariya tarafidan Federal Adliya departamenti direktori o‘rinbosari Lorens Fontana Yungo tomonidan ikki mamlakat o‘rtasidagi “Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash to‘g‘risidagi Bitim” imzolandi.
Bitim doirasida AQSH G‘aznachilik departamenti Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) tomonidan muzlatilgan hamda joriy yil iyun oyida hibsdan chiqarilgan taxminan 21,6 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar O‘zbekistonga qaytarilishi belgilangan.
Imzolangan Bitim muqaddam 2025-yil 6-fevral sanasida imzolangan shu nomdagi Bitimning mantiqiy davomi bo‘lib, mazkur hujjatlarga asosan O‘zbekistonga jami 204,4 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar BMTning “Uzbekistan Vision 2030” Ko‘p sheriklik trast Jamg‘armasi orqali qaytariladi.
Taʼkidlash lozimki, 2022-yil 16-avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi “Shveysariya Konfederatsiyasi hududida musodara qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlari yo‘lida qaytarish usullari to‘g‘risidagi Bitim”da noqonuniy orttirilgan aktivlarni aynan shu Jamg‘arma orqali O‘zbekistonga qaytarish mexanizmi hamda restitutsiya ishlarining asosiy tamoyillari va maqsadlari mustahkamlab qo‘yilgan.
“Uzbekistan Vision 2030” Jamg‘armasi orqali qaytarilayotgan mablag‘lar O‘zbekiston aholisining manfaatlari yo‘lida sarflanadi. Bunda, ustuvorlik ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishga beriladi.
