Intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi
2026-10-13 17:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish va himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildilar.
Qonun loyihasida quyidagi asosiy o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish nazarda tutilmoqda:
1️⃣ xizmat asarlariga bo‘lgan mulkiy huquqlarni tartibga solish. Amaldagi normaga ko‘ra, asar oshkor etilganidan boshlab 10 yil o‘tgach, shartnoma shartlaridan qat’i nazar, mulkiy huquqlarning muallifga avtomatik ravishda qaytishini nazarda tutuvchi qoidani bekor qilish hamda ushbu masalani taraflarning o‘zaro kelishuvi asosida belgilash taklif etilmoqda;
2️⃣intellektual mulk obyektlari bo‘yicha davlat ekspertizasi qarorlaridan norozi bo‘lgan shaxslarga muqobil tartibda bevosita sudga murojaat qilish huquqini berish nazarda tutilmoqda;
3️⃣ patentlarning amal qilishini saqlab turish uchun belgilangan davlat bojlarini ixtiyoriy ravishda oldindan to‘lash imkoniyatini yaratish taklif etilmoqda.
❗️Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar intellektual mulk huquqlarini samarali himoya qilish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish hamda tadbirkorlar va investorlar uchun qulay huquqiy muhitni shakllantirishga qaratilgan.


