Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar intellektual mulk idoralari rahbarlarining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-10-12 17:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yilning 12-oktyabr kuni Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar intellektual mulk idoralari rahbarlarining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikramov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
Yig‘ilishning asosiy maqsadi tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida intellektual mulk sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish, tajriba va axborot almashinuvini kengaytirish, shuningdek, intellektual mulk idoralari rahbarlarining birinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarning ijrosini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida intellektual mulk sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, a’zo va kuzatuvchi davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni almashish hamda istiqboldagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar tomonidan intellektual mulk sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan Qo‘shma deklaratsiya imzolandi.


