O‘zbekiston delegatsiyasi IAIR konferensiyasining plenar sessiyasida ishtirok etdi
2026-10-01 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi delegatsiyasi Xalqaro to‘lovga qobiliyatsizlik regulyatorlari assotsiatsiyasi (IAIR) konferensiyasi doirasidagi plenar sessiyada ishtirok etdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining birinchi o‘rinbosari M. Istamov so‘zga chiqib, Adliya vazirligi huzurida yangi tashkil etilgan To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi, uning asosiy vazifalari hamda mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqaro hamjamiyatga taqdim etdi.
Xususan, moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan korxonalarni erta qo‘llab-quvvatlash, to‘lovga qobiliyatsizlik sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, tartib-taomillarni soddalashtirish va shaffofligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, sud boshqaruvchilari institutini rivojlantirish, ularning professional standartlarini oshirish, Sud boshqaruvchilari palatasining tashkil etilgani hamda sohani raqamlashtirish maqsadida barcha asosiy ma’lumot va xizmatlarni birlashtiruvchi yagona elektron platformani yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar qayd etildi.
M. Istamov Agentlikning IAIRga a’zo bo‘lishi xalqaro regulyatorlar bilan amaliy tajriba almashish, ilg‘or xorijiy amaliyotlarni o‘rganish va to‘lovga qobiliyatsizlik tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini alohida ta’kidladi.
Plenar sessiya davomida turli mamlakatlarning to‘lovga qobiliyatsizlik sohasidagi islohotlari va amaliy tajribasi yuzasidan fikr almashildi.


