Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish masalalari muhokama qilindi
2026-09-04 15:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun, 4-sentyabr kuni Adliya vaziri Akbar Tashkulov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti bilan uchrashdi.
Muloqotda “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun ijrosi doirasida Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda mediatsiya, xalqaro arbitraj va nizolarni muqobil hal etish mexanizmlarini rivojlantirish, xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda ingliz huquqi bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, mediatsiya instituti ham jadal rivojlanayotgani, mediatsiya kelishuvlari soni 4 barobarga o‘sib, 2026-yil I yarim yillikda 18 411 taga yetgani qayd etildi. Sud jarayonida esa 2 897 ta mediatsiya kelishuvi tuzilgan bo‘lib, bu raqamlar mamlakatda ushbu institutga bo‘lgan ishonch va talab ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Toshkent xalqaro moliya markazi doirasida zamonaviy huquqiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.






