Ayni vaqtda “Mustaqil O‘zbekiston — 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya davom etmoqda.
2026-08-14 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Konferensiyada adliya vaziri Akbar Tashkulov ma’ruza qilib, mustaqillik yillarida O‘zbekiston huquqiy tizimida amalga oshirilgan islohotlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga to‘xtaldi.
Adliya vaziri ma’ruzasidan asosiy tezislar:
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yillik taraqqiyot yo‘li davlat mustaqilligini mustahkamlash, milliy huquq tizimini shakllantirish hamda inson qadri, huquq va erkinliklarini davlat siyosatining markaziga olib chiqish davri bo‘ldi.
So‘nggi o‘n yillikda huquqiy davlat g‘oyasi nazariy tamoyildan kundalik davlat boshqaruvining muhim mezoniga aylandi.
2023-yilda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekistonning huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilandi.
Inson huquq va erkinliklarining bevosita amal qilishi, qonunchilikdagi ziddiyat va noaniqliklarning inson foydasiga talqin etilishi konstitutsiyaviy prinsip sifatida mustahkamlandi.
Sud-huquq tizimida shaxs huquqlarini kafolatlash, qiynoqlarning oldini olish, majburiy mehnatga barham berish, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik va amaliyot tubdan yangilandi.
Qonun ijodkorligining ochiqligi oshirilib, hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, tartibga solish ta’sirini baholash va korrupsiyaga qarshi ekspertiza qilish mexanizmlari keng joriy etildi.
Endilikdagi asosiy vazifa qonunlar sonini ko‘paytirish emas, balki ularning sifati, barqarorligi va amalda ishlashini ta’minlashdir. Eskirgan va ortiqcha talablarni bekor qilish, fuqarolar va biznes uchun huquqiy tartib-taomillarni soddalashtirish ishlari davom ettirilmoqda.
Davlat xizmatlarining asosiy qismi elektron shaklga o‘tkazilib, fuqarolardan davlat organlarida mavjud ma’lumotlarni qayta talab qilish amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinmoqda.
2026-yilning birinchi yarmida 460 mingdan ortiq notarial harakat masofadan turib rasmiylashtirildi. Davlat xizmatlarining 90 foizi onlayn shaklda ko‘rsatilmoqda.
Kelgusi bosqichda nizolarni sudgacha hal etish, mediatsiya va boshqa muqobil mexanizmlarni kengaytirish, professional yuridik yordam sifatini oshirish ustuvor vazifalardan bo‘lib qoladi.
Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va transchegaraviy munosabatlar huquq tizimi oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Sun’iy intellekt va LegalTech imkoniyatlaridan foydalangan holda yangi avlod huquqiy ekotizimini shakllantirish maqsad qilingan.
“Bizning maqsadimiz — shunday huquqiy tizimni barpo etishki, unda qonun inson uchun murakkab to‘siq emas, balki uning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan ishonchli vosita bo‘lsin.”




