Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimida muhim natijalar qayd etildi
2026-07-22 12:20:00 / Vazirlik yangiliklari

"Yuridik yordam" axborot tizimi orqali davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlarni tasodifiy generatsiya (random) asosida tanlash tartibining yo‘lga qo‘yilishi natijasida "cho‘ntak advokatlar" faoliyatiga chek qo‘yildi.
2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra:
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzgan advokatlar soni 2 517 nafarni tashkil etdi;
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha 39 656 ta so‘rov kelib tushdi.
Shundan:
15 646 tasi — sudlardan;
23 665 tasi — surishtiruv-tergov organlaridan;
345 tasi — fuqarolar tomonidan yuborilgan.
Mazkur so‘rovlar asosida:
32 695 ta holatda Jinoyat-protsessual kodeksining 51 va 52-moddalariga muvofiq gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi shaxslarga;
6 770 ta holatda kam ta’minlangan shaxs sifatida "Ijtimoiy himoya" yagona reyestrida turgan shaxslarga;
162 ta holatda psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan shaxslarga;
29 ta holatda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilgan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatildi.
Iqtisodiyot va moliya bo‘limlari tomonidan 31 064 ta ish uchun 21,5 mlrd so‘m miqdorida to‘lovlar amalga oshirildi.
Jazoni ijro etish muassasalariga kirish uchun onlayn navbat olish tartibi joriy etildi.
"Yuridik yordam" axborot tizimi va Jazoni ijro etish departamentining "E-mahkum" axborot tizimi o‘zaro integratsiya qilindi.
Bugungi kunga kelib, 622 nafar advokat himoyasi ostidagi shaxslar bilan uchrashish uchun elektron navbat olish tizimidan foydalandi.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha elektron reyestr yuritish yo‘lga qo‘yildi.
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tomonidan advokatlar uchun zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha malaka oshirish kursi tashkil etildi.
2026-yilning birinchi yarmida 35 nafar advokat mazkur elektron reyestrga kiritildi.
