“Qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini tartibga solish taʼsirini baholash tizimi” bo‘yicha 2025-yil yakunlari yuzasidan axborot
2026-02-24 09:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Mazkur axborotda O‘zbekistonda qonunchilik hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholash (TSTB) tizimining joriy holati, shuningdek 2025-yil davomida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar bo‘yicha yillik ma’lumotlar jamlangan.
Ma’lumot uchun, TSTB tizimi qabul qilinayotgan qonun va qarorlarning fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ta’sirini oldindan tahlil qilish, ortiqcha majburiyatlar va byurokratik to‘siqlarni aniqlash hamda ularni kamaytirishga qaratilgan muhim institutsional mexanizm hisoblanadi.
Axborotda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va amaldagi hujjatlarni baholash natijalari bo‘yicha asosiy statistik ko‘rsatkichlar, qonunchilik ijrosini monitoring qilish tartibi, TSTB sohasida mutaxassislar salohiyatini oshirish bo‘yicha erishilgan natijalar, xalqaro hamkorlikda olib borilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yoritilgan.
Jumladan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, TSTB hisoboti asosida ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari soni 5 baravarga oshib, jami loyihalarning 99 foizini tashkil etdi. Shu bilan birga, ko‘p xonadonli uylarni boshqarish, ekologiya, davlat-xususiy sheriklik, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari kabi dolzarb yo‘nalishlarni qamrab olgan 61 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjat baholashdan o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tahlillar natijasida 3,2 trillion so‘m qiymatidagi 15 dan ortiq majburiy talablarni yengillashtirish yoki bekor qilishga erishildi. Shuningdek, qonunchilik ijrosini monitoring qilish bo‘yicha KPI tizimi joriy etilib, 2025-yilning o‘zida hududlarga chiqish va so‘rovnomalar o‘tkazish orqali 100 ga yaqin amaldagi normativ-huquqiy hujjat samaradorligi baholandi.
Bundan tashqari, davlat organlarining TSTB faoliyati natijalari tahlil qilinib, ularning reytingi shakllantirildi. Tizimni yanada takomillashtirish maqsadida Germaniya, Latviya va Finlyandiya kabi davlatlar bilan izchil xalqaro hamkorlik olib borilmoqda.
2025-yil Axboroti bilan tanishish uchun quyidagi havola orqali yuklab olish mumkin - Yuklab olish;
2024-yil Axboroti bilan tanishish uchun quyidagi havola orqali yuklab olish mumkin - Yuklab olish.
