"Madad-2" loyihasiga start berildi
2025-11-17 12:45:00 / Vazirlik yangiliklari

✅Bugun Adliya vazirligi binosida "Madad" loyihasining ikkinchi bosqichining ramziy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
"Madad” bu tadbirkorlikni boshlash niyatida bo‘lgan, ammo unga yetarlicha kuch va imkon topa olmayotgan insonlarni huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan loyiha.
✅Loyihaning birinchi bosqichi Denov tumanida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi. Loyiha qahramoni Dilorom Yo'ldosheva (https://youtu.be/oTCyEmyI1jo)bugungi kunda 60 dan ortiq shogirdiga ega tadbirkor, “Mardlik” ordeni sohibasi, BBCning "100 ilhomlantiruvchi ayol" ro‘yxatiga kiritilgan o‘zbek ayoli – buning yaqqol natijasidir.
✅Endilikda ushbu ezgu loyiha respublikamizning eng olis hududlaridan bo‘lgan Denov tumanining “Surxondiyor” hamda Qo‘shrabot tumanining “Navkat” mahallalarida davom ettiriladi.
Loyihani amalga oshirish natijasida 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslarning hamda ayollar va yoshlar bandligini ta’minlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Loyiha davomida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida, mahalla drayveridan kelib chiqib, "Yordam emas, imkoniyat" yoki "Kichik tashabbusdan katta daromadgacha" shiori ostida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish maydonchasi — "Farovonlik markazi" quriladi.
Markaz negizida insonlarni o‘zaro birlashtiruvchi kooperativ - aralash ishlab chiqarish matlubot kooperativi tashkil etish maqsad qilingan.
✅ Tadbir yakunida loyihani birgalikda amalga oshirish uchun Adliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shu bilan birgalikda, tadbirda loyihani qo'llab-quvvatlash maqsadida bir qator tadbirkorlar ham ishtirok etdi.







