Ikkita yangi qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro hujjatlarga qo‘shildi. Bu aslida nima beradi? Nimalar O‘zgaradi?
2024-06-11 09:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Keyingi yillarda mamlakatda intellektual mulk sohasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada intellektual mulk sohasidagi, shu jumladan mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi xalqaro hujjatlarga qo‘shilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston so‘nggi yillarda Fonogramma tayyorlovchilarning manfaatlarini ularning fonogrammalari noqonuniy takrorlanishidan muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya (Jeneva, 1971 yil 29 oktyabr), Butunjahon intellektual mulk tashkilotining mualliflik huquqi bo‘yicha shartnomasi (Jeneva, 1996 yil 20 dekabr) va Butunjahon intellektual mulk tashkilotining ijrolar va fonogrammalar bo‘yicha shartnomasining (Jeneva, 1996 yil 20 dekabr) a’zosiga aylandi.
Bugungi kunda respublika hududida xorijiy turdosh huquq egalarining ijro, fonogramma, eshittirishlarga bo‘lgan huquqlari Bern konvensiyasi bo‘yicha mualliflik huquqi doirasida muhofaza etiladi.
Ma’lumot uchun: 2023 yilning o‘zida mualliflik huquqi sohasida huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan 75 dan ortiq ta’sir choralari qo‘llanilgan.
Biroq, o‘rganishlar jarayonida aniqlanishicha, xorijiy huquq egalarining ijrosi, fonogrammasi, eshittirishlar tayyorlovchi tashkilotlarning eshittirishlari kabi turdosh huquqlardan foydalanish shartnomasiz, ya’ni qonunga xilof ravishda amalga oshirilish holatlari ko‘p uchramoqda.
Shu o‘rinda, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi jarayonida o‘tkazilayotgan muzokaralarda JSTga a’zo davlatlar tomonidan O‘zbekistonda intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni himoya qilinishiga qaratilgan mexanizmlar puxta o‘rganib chiqilib, bunday huquqlarning samarali himoyasini ta’minlashga davlat tomonidan alohida o‘rg‘u berilishi so‘ralmoqda.
Bunday mexanizmlarning biri bu Ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi (Rim konvensiyasi) hisoblanadi.
Ushbu Konvetsiya1961 yil 26 oktyabrda qabul qilingan va 1964 yil 18 maydan kuchga kirgan. Ayni vaqtda 97 ta davlat, jumladan MDHning Armaniston (2002), Ozarbayjon (2005), Rossiya Federatsiyasi (2003), Qirg‘iziston (2003), Tojikiston (2008), Qozog‘iston (2012) va Turkmaniston (2020) kabi a’zo davlatlari Rim konvensiyasi ishtirokchisi hisoblanadi.
Rim konvensiyasiga qo‘shilishni istovchi har qanday davlat uchun bu jarayon ochiq hisoblanadi, bunda ushbu konvensiyaga qo‘shilishni istovchi davlat Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi Butunjahon konvensiyasi (1952) yoki Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Bern konvensiyasi (1886) a’zosi bo‘lishi lozim.
Ma’lumot uchun: 2004 yil 27 avgustdan boshlab mamlakatimiz Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Bern konvensiyasi ishtirokchisi hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi xalqaro shartnomalarga qo‘shilish va ulardagi normalar ijrosini ta’minlanishi mamlakatning jahondagi imidji hamda investitsion jozibadorligini oshirish hamda mamlakatimizning JSTga kirishida Intellektual mulk huquqlarining savdo aspektlari to‘g‘risidagi bitim (TRIPS) qoidalarini implementatsiya qilish imkonini beradi.
TRIPS bitimining 3 va 4-moddalarida a’zo davlatlar intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish bo‘yicha milliy rejim va eng ko‘p qo‘laylik rejimiga muvofiq bir-birlarining fuqarolariga bir xil imtiyozlar berishlari nazarda tutilgan.
O‘z navbatida, Rim konvensiyasiyaning asosiy maqsadi Ahdlashuvchi davlatlar boshqa Axdlashuvchi tomonning ijrochilari, fonogramma tayyorlovchilari va efirga uzatuvchi tashkilotlariga nisbatan milliy rejimni ta’minlaydilar.
Xususan, Rim konvensiyasiga a’zo bo‘lish O‘zbekistonning ijrochilari, fonogramma tayyorlovchilari va efirga uzatuvchi tashkilotlariga o‘z huquqlarini xorijiy davlatlarda (Konvensiyaga a’zo bo‘lgan), chet ellik fuqarolarga esa O‘zbekistonda o‘z turdosh huquqlarining to‘liq himoya qilinishiga zamin yaratadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Rim konvensiyasi ishtirokchisiga aylangach, turdosh huquqlar sohasidagi xalqaro standartlarni ro‘yobga chiqarishni o‘z zimmasiga oladi hamda bu bozor munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ishtirokchi-davlatlar tomonidan Rim konvensiyasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarilishi huquq egalarining mulkiy huquqlarini amalga oshirish maqsadida mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning rivojlanishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, xalqaro shartnomalarga qo‘shilish va normalar ijrosini ta’minlanishi mamlakatning ijobiy imidjini shakllantirish hamda investitsion jozibadorligini oshirish imkonini beradi.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, mazkur Qonun loyihasi bilan Rim konvensiyasiga 2 ta qo‘shimcha shart bilan qo‘shilish taklif qilingan. Ushbu qo‘shimcha shartlar Konvensiya asosida milliy rejimni taqdim etishda ayrim istisnolarni nazarda tutadi.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
