Elektron tibbiyot: mehnatga layoqatsizlik varaqasi qanday rasmiylashtiriladi?
2025-03-02 09:00:00 / Yangiliklar

Xo'sh, mehnatga layoqatsizlik varaqasi kimlarga, qancha muddatga va qaysi talablar asosida beriladi? Uni rasmiylashtirish tartibi qanday?
Yunusobod tuman tibbiyot birlashmasi boshlig'i Shoira Abdusattarova ushbu savollarga batafsil javob berdi:
— Bu hujjat shaxsni ishdan ozod qilish, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi yoki homiladorlik va tug'ish nafaqasi to'lash uchun asos bo'luvchi hujjatdir, — deydi Sh.Abdusattarova. — O'z navbatida, u orqali vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bilan kechadigan kasallanishning hisobi yuritiladi.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi tibbiy muassasa tomonidan (murojaat qilgan yoki davolangan joydagi) rasmiylashtiriladi.
Buning uchun fuqarolarning kasalligi, shikastlanganligi, homiladorligi, tuqqanligi, oilaning betob a'zosini parvarishlaganligi, protez qo'ydirganligi, shuningdek, sil yoki kasb kasalligi tufayli vaqtincha boshqa ishga o'tkazilishi kabi holatlar asos bo'ladi.
Masalan, fuqaro yuqoridagi holatlar qayd etilganda, hududiy oilaviy poliklinika (oilaviy shifokor punkti)ga elektron registratura orqali murojaat qiladi. Agar salomatligi birlamchi tibbiyot muassasasiga chiqish imkonini bermasa, oilaviy shifokorni uyiga chaqiradi.
Oilaviy poliklinikada mehnatga layoqatsizlik varaqasi, kasallik turiga qarab, ilk murojaat qilinganda, 5 kundan 7 kungacha ochilishi mumkin.
Buning uchun oilaviy shifokor bemorni shaxsan ko'rikdan o'tkazib, 025-shakldagi ma'lumotnomani to'ldiradi va tegishli elektron bazaga mehnatga layoqatsizlik varaqasini kiritib, bo'lim boshlig'iga onlayn rejimda yuboradi.
Mas'ul, o'z navbatida, hujjatning asosligiga ishonch hosil qilgach, uni tasdiqlaydi. Bu haqdagi ma'lumot bemorning ishxonasida ham elektron baza orqali ko'rinib turadi.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi ochilishi bilan bemorning qayta ko'rikka kelish kuni belgilanadi. Ungacha xastalik turiga qarab, tegishli tekshiruvlardan o'tishi va tibbiy tahlillar topshirishi zarur.
Agar bemorning ahvoli qayta ko'rikkacha og'irlashsa, shifokorni uyga chaqiradi yoki oilaviy poliklinikaga qayta murojaat qiladi. Shundan so'ng kerakli tahlillar tekshiriladi yoki murojaat qiluvchi tor soha mutaxassisi ko'rigiga yo'naltiriladi.
Homiladorlik va tug'ish bo'yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi esa homiladorlikning o'ttizinchi haftasidan boshlab bir yo'la bir yuz yigirma olti kalendar kuniga rasmiylashtiriladi.
Tug'ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug'ilgan hollarda tug'uruq muassasasi tomonidan yana o'n to'rt kalendar kuniga qo'shimcha mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
Ambulatoriya sharoitida 14 yoshdan katta bemorni parvarishlash uchun esa bolaning oila a'zolari yoki qarindoshlaridan biriga 14 kundan oshmagan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi ochilishi belgilangan.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi ambulator sharoitda davolanish uchun ko'rsatma bo'lmagan, mast holatda kelgan, xususiy klinikalar yoki rejali ravishda sanatoriylarda salomatligini tiklash istagidagi shaxslar uchun ochilmaydi.
Eslatib o'tamiz, 2024 yil 1 yanvardan yurtimizning barcha hududlarida mehnatga layoqatsizlik varaqalari va ma'lumotnomalarini faqat elektron shaklda rasmiylashtirish amaliyoti yo'lga qo'yilgan.
Tizimga kiritilgan mehnatga layoqatsizlik varaqalari to'g'risidagi ma'lumotlar Iqtisodiyot va moliya vazirligining "ijtimoiy himoya yagona reestri" (my.gov.uz) axborot tizimi hamda "UZASBO" dasturiy ta'minotiga elektron shaklda yuboriladi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.