Malaka oshirishning gibrid tizimi hamshiralarga qanday qulayliklar yaratadi?
2024-10-31 16:20:00 / Yangiliklar

Markaz va uning hududiy filiallari bugun zamon talablariga mos tarzda ta'lim jarayonlarini takomillashtirib bormoqda. So'nggi rusumdagi kompyuter texnologiyalari, tibbiy uskunalar va mulyajlar, shuningdek, malakali professor-o'qituvchilar bu erda ta'lim sifatini yuksaltirishda asosiy omil bo'lib xizmat qilmoqda.
"Har shanba mashg'ulotlar onlayn o'tiladi"
Odatda hamshiralar uchun malaka oshirish kurslari ish joyidan ajralgan holda, haftasida 6 kunlik o'quv reja asosida tashkil etiladi, — deydi Respublika o'rta tibbiyot va farmasevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi direktori Lola Musajonova. — Muassasamiz va uning ayrim filiallarida tajriba tariqasida o'quv haftasining bir kunida onlayn tartibda o'qitishni yo'lga qo'ydik.
Albatta, buning o'ziga yarasha sabablari bor. Markazimiz respublika bo'yicha bosh muassasa bo'lish bilan birga, Toshkent shahri va viloyati hamshiralari malaka oshiradigan baza hisoblanadi. Uzoqdan qatnaydigan o'rta tibbiyot xodimlarimiz yakshanba kunlari uyga borib-kelish, oilasi va farzandlariga vaqt ajratishga qiynalardi. Oqibatda ular orasida dars qoldirishga majbur bo'lganlar kuzatilardi. Shularni hisobga olib, shanba kungi o'quv kurslarini onlayn tarzda olib borishga imkon yaratdik.
Tabiiyki, bu jarayon mashg'ulotlar sifatiga salbiy ta'sir qilmasligi zarur edi. Gibrid ta'limni tashkil etish maqsadida alohida onlayn platforma ishlab chiqdik. Unda zarur ma'ruzalar yuklab qo'yilgan. Hamshira ana shu mashg'ulotlarni tinglab bo'lgach, avtomatik ravishda mavzu yuzasidan test topshiriqlarini bajaradi.
Yangilikning afzalligi nimada?
Hamshiralarni o'qitish va malakasini oshirish tizimining gibrid shakli qator qulayliklar yaratadi. Jumladan, onlayn o'qitishning asosiy afzalliklaridan biri moslashuvchan jadvaldir. Hamshiralar ish vaqtiga mos ravishda onlayn kurslarni tanlashlari mumkin. Ushbu turdagi o'qitish o'rta tibbiyot xodimlariga istalgan joydan va istalgan vaqtda ta'lim olish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, qishloq joylarda yoki uzoq hududlarda yashovchilar uchun juda foydali.
Onlayn platformalar orqali hamshiralar keng qamrovli ta'lim materiallariga, jumladan, videodarslar, vebinarlar, elektron kitoblar va ilmiy maqolalarga kirish imkoniyatiga ega bo'ladi. Zamonaviy texnologiyalar va interaktiv o'quv vositalari esa ta'lim jarayoni yanada qiziqarli va samarali bo'lishini ta'minlaydi.
Onlayn kurslar ko'pincha an'anaviy oflayn mashg'ulotlarga qaraganda arzonroq bo'ladi. Safar, yashash va boshqa qo'shimcha xarajatlar kamayadi.
Gibrid tizim onlayn tarzda bilim olish va amaliy mashg'ulotlarni oflayn shaklda o'tkazish imkonini beradi. Bu esa ham nazariy, ham amaliy ko'nikmalarni rivojlantirishda qo'l keladi.
Hamshiralar amaliy mashg'ulotlar orqali bemorlar bilan bevosita ishlashni o'rganadi. Bu ularning kasbiy mahoratini oshiradi va o'ziga bo'lgan ishonchini mustahkamlaydi.
Muammoli masala ham bor...
Onlayn ta'lim uchun barqaror Internet aloqasi zarur. Olis va chekka manzillar, qishloq hududlarida bu muammoli masala bo'lishi mumkin. Ba'zi hamshiralar uchun texnik vositalardan foydalanish ma'lum qiyinchiliklarni tug'dirishi ham kuzatiladi.
Mazkur jarayonda ta'lim beruvchilarning malakasi va o'quv materiallarining sifati muhim rol o'ynaydi. Bunda hamshiralarning bilim va ko'nikmalarini nazorat qilish qiyinlashadi. Simulyasiya va laboratoriya mashg'ulotlarini o'tkazish ham imkonsiz bo'ladi.
Ta'lim jarayonini samarali tashkil qilish uchun texnologik imkoniyatlar, pedagoglar malakasi va amaliy mashg'ulotlar muhimligi inobatga olinadi. Oflayn va onlayn ta'limning yaxshi tashkil etilishi hamshiralarning bilim va ko'nikmalarini yuqori darajada oshirishga yordam beradi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
