SSV: yana bir markaz xalqaro standartlarga muvofiq akkreditasiyadan o'tdi
2024-09-20 16:10:00 / Yangiliklar

Bu esa yurtimizda ixtisoslashtirilgan tibbiyotni aholiga yanada yaqinlashtirish, bu borada faoliyat yuritayotgan markazlardagi sharoitlarni yaxshilash, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini joriy qilishga katta e'tibor qaratilayotganining natijasidir.
Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi aholiga bu yo'nalishda sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etishga mas'ul bo'lgan, vertikal boshqaruvga ega bosh muassasa hisoblanadi.
Ta'kidlash joizki, markaz xalqaro miqyosda yuqori darajadagi aloqalarni rivojlantirish orqali o'zining ilmiy va amaliy salohiyatini kengaytirmoqda. AQSh, Rossiya, Janubiy Koreya, Belarus Respublikasi, Turkiya, Hindistonning etakchi markaz, klinika hamda universitetlari bilan o'rnatilgan aloqalar eng ilg'or tibbiy texnologiyalar va davolash usullarini o'rganish, zamonaviy tibbiy va ilmiy tadqiqotlar hamda ta'lim resurslarida ishtirok etish, klinik tajriba almashishga qaratilgan.
Muhimi, sohaga innovasion diagnostika va davolash usullarini tatbiq etish, kadrlar malakasini oshirish asosiy masalaga aylangan. Markazda raqamlashtirish tizimining faol tatbiq etilishi esa tibbiyot xodimlarining ish samaradorligi oshishi va bemorlarga qator qulayliklar yaratilishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda markaz olimlari genodermatoz va onkodermatoz muammolari, terining zamburug'li va virusli kasalliklari, jinsiy yo'l bilan yuquvchi yangi xastalik turlarini aniqlash, dermatokosmetologiya va soch ko'chirib ekish bo'yicha katta yutuqlarga erishmoqda.
Shuningdek, muassasaning hududiy filiallarida teri va uning hosilalari kasalliklari, tug'ma yoki orttirilgan kosmetik etishmovchiliklarni muolaja qilishda ilg'or yondashuvlar amaliyotga tatbiq etildi.
Ochig'ini aytish kerak, yurtimizda yaqin-yaqingacha bullyozli epidermoliz va ixtioz kabi noyob genetik dermatozlar bo'yicha ixtisoslashgan tibbiyot muassasasi bo'lmagan va kasallikning jiddiy holatlarida bemorlar chet elga borib, davolanishga majbur edi. Prezidentimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan e'tibor tufayli markaz qoshida Markaziy Osiyoda yagona — genodermatozlarni davolash bo'yicha bo'lim tashkil etilgan.
Markaz ilmiy izlanishlar asosida mahalliy xomashyodan tayyorlanadigan tibbiy mahsulotlarni ishlab chiqish borasida ham katta yutuqlarga erishyapti.
— Xalqaro ekspertlar muassasamiz faoliyatini 6 oydan ortiq muddat davomida diqqat bilan o'rganishdi, — dedi markaz direktori Ulug'bek Sabirov. — Endilikda ushbu akkreditasiya bizning xalqaro standartlar asosida ish olib borishimizni tasdiqlaydi va bizga yanada ko'proq mas'uliyat yuklaydi. Galdagi maqsadimiz — hududiy filiallarimiz faoliyatini rivojlantirish va ularning ham xalqaro akkreditasiyadan o'tishiga erishish.
Akkreditasiya sifat va xavfsizlik sertifikati hisoblanib, tibbiy markazning xalqaro standartlar asosida ish olib borishini va unda bemorlar uchun xavfsiz muhit mavjudligini anglatadi. Xususan, chet eldan keladigan bemorlar ham davolanish uchun xalqaro talablarga javob beradigan muassasalarni tanlaydi. Shuningdek, xalqaro akkreditasiya markazga investorlar va strategik hamkorlarni jalb qilish imkonini oshiradi.
Ma'lumot uchun: Sog'liqni saqlash sohasida sifat bo'yicha akkreditasiya markazi (ACQH) 15 yil davomida tibbiyot tashkilotlarini har tomonlama baholashni amalga oshirib, sohada sifat standartlarini oshirishga xizmat qilib kelmoqda. Markaz akkreditasiya qiluvchi organ sifatida Sog'liqni saqlash sohasida sifat bo'yicha xalqaro jamiyat (ISQua) tomonidan 4 ta yo'nalish bo'yicha sertifikat olgan MDHdagi birinchi va yagona tashkilotdir. Ushbu sertifikat Acqhning ichki va tashqi jarayonlari "Joint Commission International", "Accreditation Canada" kabi akkreditasiya qiluvchi tashkilotlar qatorida eng yuqori xalqaro talablarga javob berishini anglatadi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
